Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Unda aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratishda Bobur shahri muhim ahamiyat kasb etayotgani ta‘kidlandi.

To‘rt ming gektar qir-adirda barpo etilayotgan shahardagi qulay uylarga 25 ming aholi ko‘chib o‘tdi. Yana 200 ming kishiga mo‘ljallangan 800 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi boshlandi.

Bu yerda savdo komplekslari, biznes markazlari, mehmonxonalar, xususiy ta‘lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etish istagidagi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoqligini inobatga olib, yerning boshlang‘ich narxini uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan yerlarga nisbatan ikki barobar arzon belgilashga rozilik bildirildi. Yerlarni yangi shartlarda auksionga qo‘yish topshirildi.

Andijon shahridagi Bobur shoh ko‘chasida ko‘prik ishga tushirildi. Kelgusi yil Milliy tiklanish va Navoiy, O‘zbekiston va Bobur, Amir Temur va Yangi aylanma yo‘li ko‘chalari kesishmalarida yana uchta yirik yo‘lo‘tkazgich quriladi. Asaka tumanining markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prik ham ishga tushiriladi.

Viloyatda ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash ishlari davom ettiriladi. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishga 1,5 trln so‘m ajratilib, ichimlik suv qamrovi 93% ga yetdi. Bu poytaxtdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Bir mln aholining suv ta‘minotini yaxshilash uchun kelgusi yildan Xonobod — Andijon magistral quvurining ikkinchi tarmog‘ining qurilishi boshlanadi.

Andijon shahrida kanalizatsiya tarmog‘ining 9 kilometri rekonstruksiya qilinmoqda. Qolgan 15 kilometrini yangilash uchun ham mablag‘ ajratiladi.

Aholi soni o‘sib borayotganini hisobga olib, Oltinko‘ldagi oqova suv tozalash inshootining quvvati ikki barobar oshiriladi.

Mutasaddilarga kelgusi yildan loyihani boshlash topshirildi.

Spot avvalroq Andijonda ko‘p ish o‘rni yaratuvchi korxonalar uchun yangi imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.