Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.
Unda kredit uchun garov talabi yengillashtirilib, endi 500 mln so‘mgacha kredit olishda biznes-reja talab etilmasligi hamda mablag‘lar tadbirkorning pul oqimiga qarab ajratilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Andijonda ko‘p ish o‘rni yaratuvchi sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi rag‘batlantirish choralari belgilandi.
Unga ko‘ra, kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarning xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish hamda ularni ishga olib kelish va olib ketish transport xarajatlarining 50% i kompensatsiya qilinadi.
Bunday korxonalarda kamida besh yil ishlagan xodimlarning farzandlari kontrakt to‘lovlari ham qoplab beriladi. Ish o‘rinlari soni 1 mingga yaqinlashayotgan korxonalar uchun esa alohida grantlar ajratiladi. Shu yo‘nalishda Andijonga $20 mln yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarga bir oy ichida ko‘p ish o‘rni yaratuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatdagi 12 ta oliygohda 95 ming talaba, 59 ta texnikumda esa 60 ming yosh tahsil olmoqda. Ularning salohiyatini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.
Oliygoh va texnikumlarning amaliy kafedralarini 46 ta sanoat zonasi va 56 ta yirik korxona hududiga ko‘chirish, shuningdek, yil yakunigacha dual ta’lim ulushini kamida 80% ga yetkazish topshirildi.
Qariyb $7,5 mlrd lik yangi loyihalar energetika, gidrotexnika, elektronika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va logistika sohalarida muhandislarga bo‘lgan talabni oshiradi.
Shu sababli Andijon texnika instituti transformatsiya qilinadi. Xorijiy menejerlar va professor-o‘qituvchilar jalb etilib, ta’lim dasturlari yangilanadi.
Institutda sanoat korxonalariga biriktiriladigan alohida dizaynerlik fakulteti ham tashkil etiladi. Buning uchun 25 mlrd so‘m ajratiladi.
Avvalroq Spot Asakada avtomobilsozlik bo‘yicha muhandislik vodiysi tashkil etilishi haqida yozgandi.