Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi O‘zmetkombinat zavodida jiddiy qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekologiya politsiyasi) xodimlari Bekobod shahrida joylashgan, xabarda M.K. deb ko‘rsatilgan korxonada tekshiruv o‘tkazdi. Biroq tekshiruv davomida xodimlarning kiyimlari va maxsus jihozlarida metallurgiya kombinatining logotiplari aks etgani ko‘rinadi.

Reyd davomida mutaxassislar elektr pechlarida po‘lat eritish va ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexlaridan atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan sezilarli darajada oshganini aniqladi.

Po‘lat quyish sexida chang va gazni tozalash tizimlari samaradorligi pastligi sababli zararli zarrachalar to‘g‘ridan to‘g‘ri atmosferaga chiqarilgan.

Laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, po‘lat quyish sexidan olingan havo namunalarida oltingugurt oksidi miqdori belgilangan eng yuqori me’yordan 1533 baravar, uglerod oksidi 20 baravar, noorganik chang zarrachalari esa 2,4 baravar oshgan.

Ferroqotishmalar sexidan olingan namunalarda noorganik zarrachalar miqdori belgilangan me’yordan 24,9 baravar yuqori bo‘lgan. Shuningdek, ularda azot dioksidi (NO2) miqdori 2,12 baravar, karbonat angidrid miqdori esa ruxsat etilgan me’yordan 23,3 baravar ko‘p ekani aniqlangan.

Bundan tashqari, zavod ekologik ekspertiza xulosasida belgilangan talablarni bajarmagan. Korxonada ifloslanish manbalari yaqiniga avtomatik monitoring tizimlari o‘rnatilmagan, shuningdek, atmosfera havosini laboratoriya nazoratidan o‘tkazish yetarli darajada tashkil etilmagan.

Ekologiya politsiyasi atrof-muhitni ifloslantirgani uchun O‘zmetkombinatga 1 mlrd 630 mln 920 ming 419 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlarini hisoblab chiqdi.

Shuningdek, kompaniyaga aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator majburiy ko‘rsatmalar berildi. Xususan, barcha chang-gaz filtrlarini almashtirish va ularning samaradorligini kamida 95% ga yetkazish, laboratoriya nazoratini kuchaytirish hamda avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalarini o‘rnatish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev iyul oyida O‘zbekistonda qora metallurgiya sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda metallurgiya kombinati huzurida “O‘zbekiston sanoat ekologik texnologiyalari parki"ni tashkil etishni topshirgan edi.

Unda filtrlash qurilmalari, katta diametrli quvurlar, yuk ko‘tarish kranlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Toshkentdagi issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.