Toshkent mintaqasidagi issiqxonalarga ekologik toza texnologiyalar asosida “yashil issiqxonalar"ga aylanish sharti bilan faoliyatini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, havo haroratining pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadigan issiqxonalardan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar yuzasidan aholi murojaatlari ko‘paygan. Xususan, Yunusobod tumani aholisi havo sifati yomonlashgani va noxush hidlardan shikoyat qilgan.
Murojaatlar asosida tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilib, atmosfera havosidan namunalar olingan.
Issiqxona xo‘jaliklari energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tish, isitish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etishni taklif qilmoqda.
Xususan, isitish tizimlariga ega bo‘lgan va davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxonalarga tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Bunday imkoniyat bo‘lmagan hollarda ko‘mirdan foydalanishga ham ruxsat berish taklif qilinmoqda. Buning uchun issiqxonalar belgilangan standartlarga javob beradigan zamonaviy sertifikatlangan isitish qozonlari, ifloslantiruvchi moddalarni tozalash va filtrlash tizimlari hamda videokuzatuv uskunalari bilan jihozlanishi kerak.
Tegishli ma‘lumotlar va videotasvirlar Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Milliy ekologik monitoring markaziga uzatiladi.
Issiqxona vakillari Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona va filtrlar tizimining tajriba namunasini taqdim etgan. Biroq 30-sentabr va 8-oktabr kunlari o‘tkazilgan sinovlar filtrdan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me‘yorlarga muvofiq emasligini ko‘rsatgan.
Shu sababli filtrni takomillashtirish va qayta sinovdan o‘tkazishga kelishilgan.
Hozirda ishchi guruh issiqxona qozonxonalarining filtrlari uchun xavfsiz tashlama standartlarini tasdiqlashga qaratilgan hujjat loyihasini tayyorlagan. Shuningdek, “yashil issiqxonalar"ga o‘tadigan tadbirkorlar uchun subsidiya va soliq imtiyozlari paketini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga qo‘yilgan taqiq esa saqlanib qoladi.
Issiqxonalar faoliyati ustidan Ekologiya qo‘mitasi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda amaldagi tekshiruv moratoriysi talablariga rioya qilgan holda doimiy ekologik monitoring olib boradi.
Spot avvalroq Toshkentda havoning ifloslanishiga ta’siri sabab taxminan 300 gektar issiqxonaning faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirilgani haqida yozgandi.