Toshkentda havoning ifloslanishiga ta’siri sabab taxminan 300 gektar issiqxonaning faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirildi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Toshkent issiqlik elektr stansiyalarida mazutdan foydalanish to‘liq to‘xtatilgan. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi bu masalani “qat'iy nazorat” ostida ushlab turibdi.
Umurzakovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda issiqxonalar poytaxt havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biriga aylangan.
Ularning ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlarga bir nechta variant taklif qilingan: boshqa hududga ko‘chish, issiqxonalarni filtrlash tizimi orqali isitish yoki faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish.
Toshkentda faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga issiqxonalarni filtrlar orqali isitish taklif qilingan va buning uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratilgan. Yana bir variant — ko‘p isitishni talab qilmaydigan ekinlarni yetishtirishga o‘tish.
“Ilgari biz uchun havoni ifloslantirishning asosiy manbai aynan issiqxonalar bo‘ldi. Toshkentdagi ko‘plab issiqxona egalari bilan muzokaralar o‘tkazildi: ular faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirdi yoki boshqa biznes bilan shug‘ullanish taklifi berilgach, faoliyatini butunlay to‘xtatdi”, — dedi hokim.
Shavkat Umurzakov. Foto: Gazeta.uz
Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, issiqxonalarning faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish ishlari 2024-yilda boshlangan. 2024−2025-yillarda shaharda taxminan 300 gektar issiqxonaning faoliyat turi o‘zgartirildi.
Ishlab chiqarishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan issiqxona egalariga Surxondaryo viloyatiga ko‘chish taklif qilindi. Bu yerda issiqxonalar uchun “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Hokim tadbirkorlar imkoniyati va istagiga qarab ushbu variantni mustaqil tanlashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Shavkat Umurzakov Toshkentda har yili kamida 200 MVt yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish kerakligi haqida aytgandi.