Toshkentda har yili kamida 200 MVt yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish zarur. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hokimning ta’kidlashicha, shahar infratuzilmasi uchun zarur quvvatni baholashda faqat aholi sonini hisobga olish yetarli emas. Avval bir kishi foydalangan infratuzilma, resurslar iste’moli, qulaylik darajasi va aholining to‘lov qobiliyatini ham inobatga olish kerak.

Umurzoqov so‘nggi yillarda aholining ehtiyojlari sezilarli o‘zgarganini ta’kidladi. Masalan, avtomobillar soni va ularning narxi oshmoqda. Shuningdek, aholi bir nechta televizor, konditsioner o‘rnatish va ko‘proq resurslardan foydalanishni xohlamoqda.

“Agar O‘zbekiston fuqarosining 2010 yoki 2015-yillardagi davlatga bo‘lgan talablari va resurslar iste’molini bugungi ehtiyojlari bilan solishtirsak, ular orasida juda katta farq bor”, — dedi hokim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi ehtiyojlarining o‘zgarishi sabab shahar infratuzilmasi quvvatlari bugungi rivojlanish sur’ati va ko‘lamiga mos kelmayapti. Xususan, 2023-yildan buyon poytaxtda 1,5 ming MVt dan ortiq yangi quvvat ishga tushirilgan. Bu yil ham ikkita yirik podstansiyani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Umurzoqovning ta’kidlashicha, avvallari bitta podstansiya taxminan besh yilda bir qurilgan. O‘sha paytda aholi soni o‘sayotgan bo‘lsa-da, mavjud infratuzilma ehtiyojni qondirish uchun yetarli bo‘lgan.

“Biz har yili kamida 200 MVt energiya quvvatlarini ishga tushirishimiz kerak. 200 MVt — kamida ikkita yangi podstansiya qurish bilan barobar”, — dedi shahar hokimi.

Foto: skrinshotFoto: skrinshot

Hokim yo‘l infratuzilmasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llarga tushayotgan yuk nafaqat poytaxt aholisi avtomobillari soni, balki shaharga kirib kelayotgan transport oqimi oshgani sabab ham ortmoqda.

2023-yilda Toshkentga bir kunda 250 mingtagacha avtomobil kirgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 500 mingtagacha yetmoqda. Umurzoqov buni shaharning rivojlanishi bilan izohladi: odamlar ish, turli yumushlar va boshqa sabablar bilan poytaxtga kelmoqda.

Hokimning ta’kidlashicha, mavjud yo‘llarning o‘tkazuvchanlik quvvati 450−500 mingta avtomobilga mo‘ljallangan, biroq bu eski texnologiyalar asosida hisoblangan. Hozir shaharda yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar joriy etilmoqda.

“Shu nuqtayi nazardan, bugun infratuzilma quvvatini hisoblashda aholi soni bilan bir qatorda uning to‘lov qobiliyatini ham hisobga olyapmiz”, — dedi Umurzakov.

U shahar yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha kompleks ishlar olib borayotganini, biroq yo‘llar tarmog‘ini kengaytirish, uning ko‘lamini oshirish va turli yechimlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz va uning korxonalari 2026-yilda gaz qazib olishni qariyb 10% ga qisqartirishi haqida yozgandi.