Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2026-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekneftgaz va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan qariyb 17 mlrd kub metr gaz qazib olinganini ma’lum qildi.

Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish rejasi 161% ga bajarildi, shuningdek, avtobenzin, suyultirilgan gaz, aviakerosin, polietilen va boshqa sintetik mahsulotlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar oshirib bajarildi.

Hisobot davrida kompaniyaning moliyaviy tushumlari o‘tgan yilga nisbatan 22% ga, sof foydasi esa 150% ga oshdi. To‘qqiz oyda O‘zbekneftgaz va tizim korxonalari tomonidan 6,9 trln so‘m soliq va byudjet to‘lovlari to‘langan. Shu bilan birga, kredit portfelini $385 mln ga optimallashtirish hisobiga foiz xarajatlarini $18 mln ga qisqartirishga erishildi.

Hamroyev geologiya-qidiruv ishlari haqida alohida to‘xtaldi. Yil boshida kompaniyalarga umumiy maydoni 50 ming kvadrat kilometr bo‘lgan 41 ta investitsiya bloki litsenziya asosida topshirildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida ushbu hududlarda 18 ming kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik qidiruv ishlari olib borilgan bo‘lsa, birgina 2026-yilda ishlar 12 ming kvadrat kilometrga yaqin maydonni qamrab oladi.

Natijada 17 ta blok burg‘ilash bilan qamrab olindi, beshta yangi gaz-kondensat koni ochildi va qo‘shimcha gaz zaxiralari shakllantirildi.

gaz, o'zbekneftgaz, qazib olish

Bundan tashqari, kompaniyada chuqur quduqlarni burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. 2026-yilda 120 ta quduq burg‘ilash rejalashtirilgan. Yanvar-sentyabr oylarida 80 ta quduq qazildi, to‘rtinchi chorakda yana 40 ta quduq qazish rejalashtirilgan.

Buning uchun joriy yilda chuqurligi 7 mingdan 9 ming metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ilashga qodir uskunalar yetkazib berilmoqda. O‘zbekneftgaz tarkibida alohida burg‘ilash korxonasi tashkil etilib, mutaxassislar tayyorlanmoqda.

“Korxona to‘liq quvvatga chiqishi bilan 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, — dedi Hamroyev.

O‘zbekneftgaz burg‘ilashga yangi texnologiyalarni joriy etish uchun Xitoyning uchta yetakchi ilmiy-tadqiqot instituti bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Kompaniya to‘rtinchi chorak uchun vazifalarni ham belgilab oldi. Yil oxirigacha 22,8 mlrd kub metr gaz qazib olish (2025-yilda 25,2 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 9,5% ga kamaydi) va qolgan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish rejasini 100% ga ta’minlash rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot isitish mavsumida gazlashmagan hududlarda elektr bo‘yicha bazaviy me’yor 350 kVt·soatga oshirilishi haqida yozgandi.