Gazlashtirilmagan hududlarda noyabr oyi uchun elektr to‘lovlari 350 kVt·soatlik me’yor asosida hisoblanadi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Hukumat qarori bilan isitish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan va gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlardagi aholi xonadonlari uchun elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan ro‘yxatga kiritilgan xonadonlar isitish mavsumida oyiga 350 kVt·soatgacha elektr energiyasidan 1 kVt·soat uchun 650 so‘mlik bazaviy tarif asosida foydalanadi.

Ayni paytda Hududgazta’minot tomonidan shakllantirilgan hududlar ro‘yxati mahalliy hokimliklar tomonidan o‘rganilib, tasdiqlanmoqda.

Tasdiqlangan ro‘yxatlar Hududiy elektr tarmoqlariga taqdim etilib, tegishli ma’lumotlar billing tizimiga kiritilmoqda. Ushbu jarayonni 25-noyabrga qadar to‘liq yakunlash belgilangan.

350 kVt·soatlik bazaviy me’yordan foydalanish uchun aholidan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi. Fuqarolar buning uchun elektr yoki gaz ta’minoti idoralariga borishi shart emas. Yangi me’yor tasdiqlangan ro‘yxat asosida tegishli xonadonlarga avtomatik ravishda qo‘llaniladi.

Mazkur tartib 1-noyabrdan amal qilayotgani sababli, ro‘yxatga kiritilgan xonadonlarning noyabr oyida iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun yakuniy to‘lovlari 350 kVt·soatlik bazaviy me’yor asosida hisoblanadi. Ya’ni noyabr oyi uchun hisob-kitoblarda yangi me’yor to‘liq inobatga olinadi.

Xonadon noyabr oyida 300 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, avvalgi 200 kVt·soatlik me’yor bo‘yicha to‘lov 220 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lar edi. Yangi me’yor asosida esa 195 ming so‘m hisoblanadi. Natijada xonadon 25 ming so‘m kam to‘laydi.


Avvalroq Spot Jizzaxda 550 MVt quvvatli yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.