Jizzaxda 550 MVt quvvatli yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
20-noyabr kuni Sharof Rashidov tumanida qurilgan IES O‘zbekiston yagona energetika tizimiga ulanib, elektr energiyasi yetkazib berishni boshladi.
Umumiy qiymati $500 mln bo‘lgan mazkur stansiya zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega bug‘-gaz qurilmalari bilan jihozlangan.
Qayd etilishicha, u yiliga 4,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda 500 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyatiga ega.
Yangi stansiyaning ishga tushirilishi mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyiha Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi va uning loyiha kompaniyasi Cenergo ishtirokida amalga oshirildi. Qurilish 2023-yil avgust oyida boshlangan.
2023-yil 8-noyabrdagi prezident qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari tasdiqlangan.
Shartnomaga ko‘ra, investor stansiyani loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va undan foydalanishni amalga oshirishi belgilangan.
Stansiya Siemens Energy kompaniyasining SGT5−4000 °F rusumli gaz turbinalari bilan jihozlangan. Loyihada qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti 60% dan yuqori bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Stansiya qurilishini moliyalashtirish uchun Cengiz Enerji DZ BANK va DenizBank AGdan jami 164,25 mln yevro miqdorida uzoq muddatli kredit ham jalb qilgan.
Avvalroq Spot Toshkentda $171,4 mln lik 500 kV li “Halqa” podstansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.