Hokimlarga turizm loyihalari uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer tayyorlash topshirildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Parkentda turizm va qurilish materiallari sohasi vakillari bilan uchrashuvda gapirdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ilgari hududlarning eng qulay joylaridan turizm uchun 1200 gektar yer zaxira qilingan edi. Joriy yilda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga 2 trln so‘m yo‘naltirilgan.
Hududlarda shakllantirilgan $11 mlrd lik turizm loyihalari bo‘yicha bir oy ichida amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Har bir hudud rahbari uchun turizmga investitsiya jalb qilish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilandi.
25−27-noyabr kunlari Toshkentda turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi o‘tkaziladi. Unda 25 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod yirik investor ishtirok etishi kutilmoqda.
Prezident turizm obyektlari yil davomida ishlashi uchun xizmat va ko‘ngilochar yo‘nalishlarni ko‘paytirish zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi City Mall savdo markaziga 50 dan ortiq xalqaro brend jalb etilgani qo‘shni mamlakatlardan xarid uchun keladiganlar sonini oshirmoqda. Bu tajribani Samarqand, Buxoro va Xivada ham qo‘llash mumkin.
Bundan buyon har bir vazir o‘z sohasidagi xalqaro tashkilotlarning yiliga kamida 3−4 ta forumi, konferensiyasi yoki ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazishga mas’ul bo‘ladi. Bosh vazirga vazirliklar bo‘yicha xalqaro tadbirlarning ikki yillik rejasini tasdiqlash va ularni tashkil etish tartibini soddalashtirish topshirildi.
Avvalroq barcha poyezd va ichki aviareyslar jadvali bir oyda qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgandi.