O‘zbekistonda banklarni xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkin. Bu haqda 27-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Fitch on Uzbekistan tadbirida agentlikning bank sektori direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bank sektoridagi islohotlar so‘nggi ikki yilda jadallashib, uning o‘rta muddatli istiqbollarini yaxshiladi. Biroq yirik davlat banklarini sotish rejalashtirilganidan ko‘proq vaqt olishi mumkin. Muammoli aktivlar bilan bog‘liq eski muammolar va chakana kreditlash portfelining yetarlicha shakllanmagani asosiy xatarlar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston — 2030 strategiyasiga ko‘ra, 2030-yil oxirigacha beshta bankni sotish va bu jarayonni 2027-yildan boshlash ko‘zda tutilgan. Hozirda asosiy e’tibor O‘zsanoatqurilishbank va Asakabankni sotuvga tayyorlashga qaratilgan.

Kaptel Franklin Templeton va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) ushbu jarayonda ishtirok etishi banklarning biznes transformatsiyasini tezlashtirishi va ularni o‘rta muddatda sotish istiqbollarini yaxshilashini ta’kidladi.

Xususiylashtirishdan oldingi tayyorgarlik choralari muammoli aktivlarni davlat tashkilotlariga o‘tkazish va eski tavakkalchiliklarni bartaraf etish uchun hukumat tomonidan qo‘shimcha kapital ajratishni o‘z ichiga oladi.

Kaptelning baholashicha, birinchi bank savdosi 2027-yilda o‘tkazilishi mumkin, biroq xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi ehtimoli ham bor.

2025-yilning sentabr oyida prezident O‘zsanoatqurilishbank'ning 30% aksiyalarini O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazishni ma’qullagandi. Shu bilan birga, Mikrokreditbank’ning 40% lik va Biznesni rivojlantirish banki’ning 25% lik paketlari jamg‘arma portfelidan chiqarildi.

Dekabrda YTTB xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Asakabank’ning 15% ulushini sotib olishi ma’lum bo‘ldi. YTTB 2026-yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kiradi. Undan keyin Fitch Aloqabank’ni xususiylashtirish bekor qilinishi mumkinligini taxmin qildi.

Strategiyaga ko‘ra, 2027-yilda davlat banklari soni 7 tagacha qisqartiriladi. 2028-yilda ularning soni 6 taga, 2029-yilda 5 taga, 2030-yilda 4 taga yetadi. Shu tariqa, jami beshta davlat banki xususiylashtirilib, ro‘yxati keltirilmagan to‘rtta bank davlat ixtiyorida qoldiriladi.

Yaqinda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov prezident davlat banklarini transformatsiya qilish va ayrimlarini xususiylashtirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berganini qayd etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali iqtisodiyotning yangi bosqichiga mos bank tizimini shakllantirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot Beeline egasi O‘zbekistonda bank litsenziyasini olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.