8-iyun kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning yettita davlat bankining uzoq muddatli defolt reytinglari bo‘yicha prognozini ham xorijiy, ham milliy valyutada “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirdi.
Shuningdek, agentlik 6 ta bank, jumladan, O‘zmilliybank, Agrobank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank va Mikrokreditbank’ning kredit reytinglari hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish darajasini “BB” va “bb” darajasida, “Turonbank"ning reytinglarini esa “BB-” va “bb-” darajasida tasdiqladi.
7 ta davlat bankining reytingi bo‘yicha prognozni qayta ko‘rib chiqish suveren reyting bo‘yicha prognozni yaxshilash bilan bog‘liq. Bu “Fitch'ning O‘zbekiston hukumatining davlatga tegishli bo‘lgan mamlakat ichki banklarini qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini mustahkamlash borasidagi fikrini aks ettiradi”.
Fitch, hukumatning 2030-yil oxirigacha nazorat paketlarini xorijiy strategik investorlarga sotish rejalariga qaramasdan, Aloqabank va Turonbank davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini hisobga olishda davom etmoqda. Biroq agentlik yirikroq banklar sotilmaguncha, bu banklar xususiylashtiriladi deb hisoblamaydi va bu jarayon, uning fikricha, 2027-yildan oldinroq yuz bermaydi.
Ushbu banklarni muvaffaqiyatli sotish, shuningdek, sotuvdan oldingi tayyorgarlik doirasida banklarning biznes modelini keng ko‘lamli o‘zgartirishni talab qiladi, bu esa Fitch prognozlariga ko‘ra, kamida bir necha yil davom etadi.
“2025-yilda Aloqabank’ning taraqqiyot banki sifatidagi yangi roli tasdiqlanishi uni sotish istiqbollarini yanada qiyinlashtiradi va bizning fikrimizcha, uni xususiylashtirish rejalari oxir-oqibat bekor qilinishi mumkin”, — deyiladi sharhda.
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, Aloqabank va Turonbank uchun davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash ular davlatning majoritar mulkida qolguncha mavjud bo‘lishi kerak.
Ehtimoliy pasayish omillari
O‘zbekistonning suveren reytingi yomonlashganda yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash susayganda banklarning reytingi pasayishi mumkin.
Xavf, shuningdek, banklarning davlat siyosatidagi rolining qisqarishi, qo‘llab-quvvatlash hajmining kechikishi yoki yetarli emasligi, shuningdek, aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolarning kuchayishi bilan bog‘liq.
Fitch Aloqabank va Turonbank’ni xususiylashtirishni jadallashtirish ularning davlat bilan aloqasini zaiflashtirishi va natijada reytinglarning pasayishiga olib kelishi mumkinligini alohida ta’kidladi.
Ehtimoliy o‘sish omillari
Reytinglarni oshirish O‘zbekistonning suveren reytingi yaxshilanishi bilan, agar davlatning banklarni qo‘llab-quvvatlashga yuqori tayyorligi saqlanib qolsa, mumkin.
Mikrokreditbank reytingini oshirishning qo‘shimcha omili davlatimizning uzoq muddatli asosda kapital bilan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlashi va aktivlar sifati bilan bog‘liq to‘planib qolgan muammolarni hal etishidir.
Avvalroq Spot Fitch O‘zbekiston kredit reytingi prognozini “barqaror"dan “ijobiy"ga yaxshilagani haqida yozgandi.