Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlab, kutilmani “barqaror"dan “ijobiy"ga oshirdi. Bu haqda 3-iyun kuni e’lon qilingan agentlik hisobotida keltirilgan.
Prognozning yaxshilanishi “islohotlarning izchil davom etayotgani va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan siyosat natijasida yuz berayotgani” qayd etilgan.
Fitch’ning ta’kidlashicha, bu omillar global iqtisodiyotdagi noaniqliklarga qaramay, o‘rta muddatda O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o‘sishini hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishini ta’minlaydi.
Fiskal va monetar islohotlarning davom ettirilishi makroiqtisodiy siyosat tizimi va uning shaffofligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa budjet taqchilligining rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan yaxshiroq natija ko‘rsatishiga hamda xalqaro valyuta zaxiralarining sezilarli darajada oshishiga yordam berdi. Shuningdek, ushbu ijobiy tendensiyalar boshqaruv sifati ko‘rsatkichlarining yanada yaxshilanishiga ham turtki berishi mumkin.
BB reytingi O‘zbekistonning davlat qarzining YIMga nisbatan past darajada ekanligi, tashqi zaxiralar va yuqori iqtisodiy o‘sish salohiyatini aks ettirishi qayd etilgan. Shu bilan birga, reytingga aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning nisbatan pastligi, iqtisodiyotning xomashyo mahsulotlariga yuqori darajada bog‘liqligi hamda inflyatsiyaning hanuz yuqori ekani cheklov bo‘lib qolmoqda.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatga bildirilgan “yuksak ishonch” ekanligini ta’kidladi.
“Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz. Strategik maqsadimiz — 2030-yilga qadar yurtimiz reytingini „investitsiyaviy“ darajaga olib chiqish”, — dedi u.
Bundan bir yil oldin Fitch Ratings O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli suveren kredit reytingini bir pog‘ona — “BB-” darajasidan “BB” darajasiga ko‘targan edi.
Avvalroq Spot Anthropic AQSHda taxminan $1 trlnlik IPO uchun ariza topshirgani haqida xabar bergandi.