Claude sun’iy intellekt modellarini ishlab chiquvchi Amerikaning Anthropic kompaniyasi 1-iyun kuni AQSHda aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun hujjatlarni maxfiy tarzda topshirdi.

Kompaniya bo‘lajak joylashtiruvning hajmi va taxminiy bahosi kabi parametrlarini oshkor qilmadi. Ariza topshirish navbatdagi investitsion raund yakunlanganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi.

Ushbu raund doirasida Anthropic $65 mlrd sarmoya jalb qilib, uning postinvestitsion bahosi $965 mlrdga yetdi.

Bu ko‘rsatkich bilan kompaniya dunyodagi eng qimmat xususiy texnologik kompaniyalar qatoridan joy oldi va OpenAI’ning oxirgi ma’lum bo‘lgan $852 mlrdlik bahosidan o‘zib ketdi.

Anthropic 2021-yilda OpenAI’ning sobiq xodimlari tomonidan tashkil etilgan va bir necha yil ichida generativ sun’iy intellekt bozorining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi. Kompaniya katta til modellari segmentida OpenAI bilan faol raqobatlashmoqda va uning mahsulotlari ham korporativ mijozlar, ham dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilariga mo‘ljallangan.

Anthropic’ning birjaga chiqishi so‘nggi yillardagi eng muhim joylashtirishlardan biriga aylanishi mumkin. Agar IPO o‘tkazilsa va joriy bahoga yaqin bo‘lsa, kompaniya darhol Amerika fond bozorining eng yirik emitentlari qatoriga kiradi.

SI sohasida yetakchilik uchun poyga

Sun’iy intellekt sohasidagi yechimlarga bo‘lgan talabning jadal o‘sishi fonida kompaniya biznes ko‘lamini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Anthropic’ga investorlarning qiziqishi korporativ mijozlar bazasining kengayishi, Claude modellar qatorining rivojlanishi va kompaniyaning eng yirik investorlaridan biri bo‘lib qolayotgan Amazon bilan strategik hamkorlik tufayli kuchaydi.

Ariza topshirish sun’iy intellekt bozorining eng yirik ishtirokchilari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, OpenAI ham birjaga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda va yaqin oylarda IPO uchun hujjatlarni topshirishi mumkin.

Shu fonda Anthropic ommaviy joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan yetakchi generativ sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari orasida birinchi o‘yinchi ustunligini qo‘lga kiritdi.

Anthropic IPO fundamental sun’iy intellekt modellarini yaratayotgan kompaniyalar biznesini baholash uchun birinchi mo‘ljal bo‘lishi mumkin.

Investorlar sektorning moliyaviy ko‘rsatkichlarini, jumladan, daromadning o‘sish sur’atlari, hisoblash infratuzilmasiga investitsiyalar darajasi va kompaniyalarning sun’iy intellekt texnologiyalariga tez o‘sib borayotgan talabni monetizatsiya qilish qobiliyatini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Joylashtirish, shuningdek, bir necha yillik past faollikdan so‘ng asta-sekin tiklanayotgan Amerika IPO bozori uchun asosiy voqealardan biri bo‘lishi mumkin.

Anthropic’dan tashqari, investorlar yaqin choraklarda OpenAI va SpaceX kabi boshqa bir qator yuqori baholangan texnologiya kompaniyalarining birjaga chiqishini kutishmoqda.


Avvalroq Spot UzNIF 31% aksiyalarini sotish orqali $603 mln jalb qilgani haqida yozgandi.