O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarning birlamchi ommaviy taklifini yakunladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, aksiyalar va global depozitar tilxatlarni (GDR) sotib olish uchun arizalar qabuli 12-may kuni yakunlandi. Har bir aksiya 4,65 so‘m yoki 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan O‘zbekistondagi chakana investorlar uchun 4,41 so‘m, tilxatlar esa $25 dan taklif etildi.
IPO doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan investorlarga jami 1 564 342 270 687 dona aksiya yoki UzNIF ustav kapitalining 31%i taklif etildi. Bunga ortiqcha taqsimlash opsioni asosida chiqariladigan GDRlar kirmaydi.
Aksiyalarning asosiy qismi London fond birjasida chiqarilgan 23,43 mln dona GDR shaklida xorijiy institutsional investorlar o‘rtasida taqsimlandi. Toshkent fond birjasida yana 47,94 mlrd aksiya (umumiy taklifning 3%i) O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, ayrim institutsional investorlar tomonidan sotib olingan.
Asosiy investorlar — BlackRock, Franklin Resources, Redwheel boshqaruvidagi ayrim fondlar va hisobvaraqlar, shuningdek, Allan & Gill Gray Foundation sho‘ba korxonalari O‘zbekiston tomoni bilan kelishuvlar shartlari bo‘yicha majburiyatlar doirasida to‘liq taqsimot oldi. Ular ma’lum odatiy shartlarga rioya qilgan holda GDRni $300 mlnga sotib olishadi.
IPO davomida jalb qilingan mablag‘lar miqdori taxminan $603,6 mlnni tashkil etdi. Muomaladagi aksiyalar soni 5,05 trln dona bo‘lgan holda, taklif narxi kompaniyaning bozor kapitallashuvi $1,95 mlrdga baholanmoqda.
Shuningdek, Jefferies International Limited IPOning yagona global koorfinatori sifatida sotilgan GDRlarning 15% igacha — 3,51 mln donani qo‘shimcha joylashtirish imkoniyatini saqlab qoladi. U 13-may kuni London birjasida boshlangan GDR savdolaridan keyin 30 kun ichida to‘liq yoki qisman sotilishi mumkin.
Opsiondan to‘liq foydalanish sharti bilan IPOdan umumiy tushumlar $692 mlnni tashkil etadi, deyiladi UzNIFning Spotga bergan izohida. Jamg‘arma qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushum olmaydi, chunki ular sotuvchi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taklif etilgan.
UzNIF aksiyalariga buyurtmalar kitobi taklifdan 4 baravardan ko‘proq oshib ketdi. “Biz UzNIF IPOsiga ham global, ham mahalliy investorlar tomonidan yuqori talab mavjudligidan mamnunmiz”, — deya ta’kidlangan izohda.
Matbuot xizmati qayta imzolanishni jamg‘armaga, shuningdek, umuman O‘zbekistonning iqtisodiyoti va uzoq muddatli salohiyatiga bo‘lgan ishonch belgisi deb atadi.
Avvalroq Spot UzNIF IPOsida qanday ishtirok etish va aksiyalarni qanday sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.