01
Nima bo‘ldi?
29-aprel kuni O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) o‘zining ilk IPOsi boshlanganini e’lon qildi. Bu orqali jamg‘arma o‘z ulushini birinchi marta investorlar uchun sotuvga chiqardi.
Arizalar 12-may soat 17:00 gacha qabul qilinadi.
Shundan so‘ng:
- 13-may kuni aksiyalar investorlar o‘rtasida taqsimlanadi;
- 15-mayda ular investorlar portfelida aks etadi;
- 18-maydan boshlab esa birjada savdolar boshlanadi.
02
IPO nima?
Birlamchi ommaviy taklif (IPO) bu kompaniya shu jumladan, davlat korxonasi o‘z aksiyalarini ilk bor keng xalq ommasiga sotishi va fond birjasiga chiqish jarayoni hisoblanadi.
Buning asosiy mazmuni davlat aktivlarini ochiq savdolar orqali investorlarga taqdim etishdan iborat. Sodda qilib aytganda, IPO orqali davlat korxonasi o‘z eshiklarini hamma uchun ochadi: endi nafaqat davlat, balki oddiy fuqarolar va xususiy investorlar ham aksiyalarni sotib olib, korxonaga sherik bo‘lishlari mumkin.
03
UzNIF aynan nimalarni sotmoqda?
UzNIF taxminan $600 mln qiymatdagi aksiyalarning qariyb 30%ini investorlarga taklif qilmoqda. Jamg‘armaning umumiy qiymati $1,95 mlrdga baholangan.
Muhim jihati shundaki, bu yerda gap bitta korxona haqida emas, balki turli sohalardagi 13 ta yirik davlat kompaniyasining 25% dan 40% gacha bo‘lgan ulushlarini o‘z ichiga olgan jamg‘arma haqida bormoqda.
Ular orasida energetika sohasidagi Hududiy elektr tarmoqlari, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari, suv ta’minoti — O‘zsuvta'minot, savdo — O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB), transport — Uzbekistan Airways va boshqa kompaniyalar mavjud.
04
Jamg‘arma va davlatga IPO nima uchun kerak?
IPO prezident qarori asosidagi xususiylashtirish dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Aksiyalar savdosidan tushadigan mablag‘lar davlat byudjetiga yo‘naltiriladi.
Biroq aksiyalarni joylashtirishdan maqsad faqat mablag‘ jalb qilish emas. IPO jamg‘arma tarkibidagi kompaniyalarni isloh qilishni jadallashtirishi kerak. Jumladan, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazish, korporativ boshqaruvni joriy etish hamda investorlar uchun shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma aksiyalarining joylashtirilishi portfeldagi yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlashning ilk bosqichi sifatida ham baholanmoqda. Rejalarga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida Uzbekistan Airways, Milliy elektr tarmoqlari, O‘zbektelekom, O‘zbekgidroenergo, Hududiy elektr tarmoqlari va Hududgazta’minot kompaniyalarini birjaga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha O‘zsanoatqurilishbank IPOsi yoki strategik investorga sotish rejalashtirilgan.
05
Nega aksiya sotib olishim kerak?
UzNIF aksiyalarini xarid qilishni oddiy sarmoya emas, balki bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishga tikilgan investitsiya, deb baholash mumkin.
Jamg‘arma 13 ta davlat kompaniyasidagi ulushlarni birlashtirgani sababli, investor bitta aksiya orqali turli sohalarni qamrab oluvchi “portfel"ga ega bo‘lishlari mumkin. Bu esa faqat bitta kompaniyaga sarmoya kiritishga nisbatan xatarlarni kamaytiradi.
Shu bilan birga, bu investitsiya daromad olish imkoniyatini ham beradi. IPO vaqtida fond aksiyalari uning aktivlari qiymatidan pastroq narxda taklif qilinishi mumkin. Ya’ni investor aksiyalarni fond tarkibidagi kompaniyalar qiymatiga nisbatan arzonroq sotib oladi. Agar keyinchalik bozor bu aktivlarni yuqoriroq baholasa, aksiyalar narxi oshishi ehtimoli mavjud.
Dividendlar ham investorlar uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Prezident qaroriga ko‘ra, fond portfelidagi kompaniyalar 2030-yilgacha sof foydasining kamida 50% ini dividend sifatida to‘lashi kerak.
UzNIF press-relizida qayd etilishicha, dividendlar har yili o‘tgan yilgi moliyaviy hisobotlar asosida e’lon qilinadi. Birinchi yillik dividend to‘lovi esa 2027-yilda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Shuni unutmaslik kerakki, aksiyalar narxi ham oshishi, ham pasayishi mumkin. Daromad kafolatlanmaydi. Shu sababli, investitsiya qilish qarorini har kim xatarlarni inobatga olib, mustaqil ravishda qabul qiladi.
06
Qancha pul kerak bo‘ladi?
IPO doirasida UzNIF aksiyalarining narxi bir dona aksiya uchun taxminan 4,65 so‘m etib belgilangan. Xalqaro investorlar uchun esa aksiyalar GDR shaklida taklif qilinadi. Bitta depozitar tilxat qiymati qariyb $25 ni tashkil etadi.
Bunda chakana investorlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarda taxminan 5% chegirma berilishi ko‘zda tutilgan. Natijada, bir dona aksiya narxi taxminan 4,41 so‘mga tushadi.
Aksiyalar avval, xususiy investorlar o‘rtasida taqsimlanadi, qolgan qismi esa yirik buyurtmachilarga ajratiladi.
Investitsiya qilinadigan yakuniy summa investor qancha aksiya sotib olishiga bog‘liq bo‘ladi. IPO bosqichida aksiyalar oldindan belgilangan narxda sotib olinadi, biroq ular fond birjasida savdoga chiqqandan so‘ng narx talab va taklifga qarab o‘zgarib turadi.
07
Savdo qayerda bo‘ladi?
Savdolar Toshkent va London fond birjalarida amalga oshiriladi. Bu shuni anglatadiki, aksiyalar va ularga bog‘liq global depozitar kvitansiyalar joylashtirilgandan so‘ng, ular ham mahalliy, ham xalqaro investorlar uchun ochiq bo‘ladi.
08
IPOda qanday ishtirok etish mumkin?
Buning uchun vositachi broker kerak bo‘ladi. Ushbu IPOda faqat ALKES, Bluestone va Avesta mijozlari qatnasha oladi, shuning uchun investor ulardan birini tanlashi kerak.
Broker investor nomiga hisobvaraq ochadi va shu orqali birjaga kirish imkonini beradi. IPOda qatnashish uchun ariza ham aynan shu hisobvaraq orqali yuboriladi.
Ishtirok etish uchun broker bilan bevosita ishlash yoki Jett investitsiya platformasi orqali qatnashish mumkin. Jett'ga yangi qo‘shilgan foydalanuvchilarda esa brokerlik hisobvarag‘i avtomatik ravishda ALKES brokerida ochiladi.
09
Nega faqat shu uchta kompaniyani tanlash mumkin?
Jett.uz asoschisi va ekspert Tolibjon Mirzaqulovning ta’kidlashicha, bu cheklov brokerlik konsorsiumi shartlari bilan bog‘liq bo‘lib, texnik va tashkiliy xususiyatga ega.
10
Qaysi biri qulayroq?
Yangi boshlovchilar va buyurtma summasi 200 mln so‘mgacha bo‘lgan investorlar uchun eng qulay yo‘l mobil ilova yoki veb-sayt orqali Jett platformasidan foydalanish. Jett alohida birja emas. U broker orqali ishlaydigan servis bo‘lib, investorni IPO va birja savdolariga ulab beradi.
Oddiy qilib aytganda, Jett texnik jarayonlarni o‘z zimmasiga olib, investitsiya qilishni ancha soddalashtiradi. Uning qulayligi shundaki, bir joyning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish, brokerlik hisobini ochish, to‘ldirish va IPO uchun ariza berish mumkin.
Hisob ochish uchun to‘lov — 12 ming so‘m.
11
Jett orqali nechta aksiya sotib olish mumkin?
Platformada investorlar kamida 100 ming so‘mga (taxminan 22 676 dona aksiya), eng ko‘pi bilan 200 mln so‘mga (45,35 mln dona aksiya) qadar aksiyalar sotib olish uchun ariza berishlari mumkin.
Platformada aksiyalarni xarid qilishda 5% lik chegirma taqdim etiladi. Chegirma bilan bir dona aksiya narxi 4,65 so‘m o‘rniga 4,41 so‘mni tashkil qiladi.
12
Broker bilan qanday ishlash mumkin?
Avvalo, brokerlik kompaniyasini tanlash kerak. Kompaniya tanlangach, u bilan shartnoma tuzish va brokerlik hisobvarag‘ini ochish uchun ofisga borish lozim. Buning uchun pasport va STIR talab etiladi.
Hisob ochilgach, investor brokerning savdo tizimi orqali IPOda ishtirok etish uchun ariza topshiradi.
13
Bu usullarning bir-biridan farqi nimada?
Jett.uz platformasi orqali ham, broker orqali ham investor bitta IPOda ishtirok etishi mumkin.
Farq asosan, investitsiya hajmi va shartlarda. Platforma orqali 2,3% komissiya evaziga eng ko‘pi bilan 200 mln so‘mgacha aksiyalar xarid qilish mumkin. Broker orqali esa 100 ming so‘mdan boshlab istalgan miqdorda investitsiya qilish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, yirik investitsiyalar uchun imtiyoz ham bor: 1 mlrd so‘mdan ortiq sarmoya kiritilganda komissiya stavkasi 1,3% gacha kamayadi.
14
Natija nima bo‘ladi?
UzNIF IPOsi avval xususiy investorlar uchun yopiq bo‘lgan aktivlarga kirish imkonini ochadi. Hozirgi bosqichda asosiy jarayon — arizalarni topshirish. Keyingi bosqichlarda esa aksiyalar taqsimlanib, savdolar boshlanadi.
Shuni ham hisobga olish kerakki, talab yuqori bo‘lsa, barcha arizalar to‘liq qondirilmasligi mumkin. Yakuniy aksiyalar miqdori aynan taqsimot bosqichida aniqlanadi. Agar aksiyalar yetishmasa, ularni taqsimlashda 200 mln so‘mgacha ariza bergan investorlarga ustuvorlik berilishi mumkin.
Ishtirok etish yoki etmaslik esa har bir investor tomonidan o‘z maqsadi va xatarlarga tayyorligi asosida mustaqil qaror qilinadi.