Gonkongda 4−5 may kunlari O‘zbekiston va Gonkong aviatsiya ma‘muriyatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Unda tomonlar ikki hudud o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, amaldagi yuk tashish reyslari hajmini kengaytirish hamda O‘zbekistonni Gonkong va Yevropani bog‘lovchi havo ko‘prigi sifatida rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim loyihasini Gonkongga taqdim etdi. Tomonlar hujjatni iyun oyi oxirigacha ko‘rib chiqish, parafirlash va imzolashga tayyorlashga kelishib oldi.

Muzokaralar yakunida aviatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, davlatlararo bitim imzolangunga qadar tayinlangan aviakompaniyalarga charter asosida muntazam yo‘lovchi va yuk tashish qatnovlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, tomonlar 5-havo erkinligi asosida parvozlarni yo‘lga qo‘yish va yuk tashishda 7-havo erkinligini berish masalasini ko‘rib chiqishga kelishdi. Kelishuv 3 va 4-havo erkinligi doirasida yo‘lovchi va yuk tashish parvozlarini cheklanmagan miqdorda amalga oshirish huquqini ham nazarda tutadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston aviatsiya ma‘muriyati vakillari Hong Kong International Aviation Academy‘ga tashrif buyurdi.

Akademiya bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida har yili ikki nafar o‘zbekistonlik aviatsiya mutaxassisini grant asosida magistratura bosqichida o‘qitishga kelishildi. Ta‘lim Havo transportini boshqarish hamda Aviatsiya xavfsizligini boshqarish yo‘nalishlarida olib boriladi.

2016-yilda tashkil etilgan akademiya shu paytgacha 418 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlagan. Ta‘lim qisqa muddatli kurslar, bakalavr va magistratura yo‘nalishlari asosida tashkil etiladi.

O‘zbekiston va Gonkong aviatsiya ma‘muriyatlarining ilk uchrashuvi 2024-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda tomonlar charter asosida parvozlarni yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama aviaqatnovlar bo‘yicha bitim loyihasini ishlab chiqishga kelishgan.

Shundan so‘ng qator xorijiy aviakompaniyalarga Toshkent xalqaro aeroporti, Namangan xalqaro aeroporti va Navoiy xalqaro aeroporti orqali uchinchi davlatlarga 5-havo erkinligi asosida charter yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berildi.

Transport vazirligiga ko‘ra, 2025-yilda ikki tomonlama va tranzit yo‘nalishlarda 630 ta, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida esa 296 ta yuk tashuv aviaqatnovlari amalga oshirilgan.

2025-yilning kuzida Uzbekistan Airports kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti hamkorlik memorandumini imzolagandi. Bitim O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida havo qatnovini ochish, shuningdek, aeroport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan edi.

O‘tgan yilning avgustida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gonkongning JDB Group Limited kompaniyasi rais o‘rinbosari Chan Man Xin bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda muntazam yo‘lovchi va yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan edi.


Spot, avvalroq, Toshkent va Praga o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni qayta tiklash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.