Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda barcha sohalarda hamkorlik rivojlanayotgani qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ish olib borilmoqda.

O‘zaro savdo hajmini oshirishga e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan Yevro-6 standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha yangi laboratoriya qurilmoqda.

Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi. O‘zbekiston-Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladi. Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida ta’lim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu bois ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yakunda qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Avvalroq Spot Chexiya o‘zbekistonlik migrantlarga yiliga 150 ta mehnat vizasi berishi haqida yozgan edi. Mamlakat keksalarni parvarishlash sohasida o‘zbekistonlik hamshiralar va xodimlarni ishga olishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.