“Oltin globus” mukofoti kino, serial va podkastlarda sun’iy intellektdan foydalanish qoidalarini tasdiqladi. Bu haqda Inc nashri xabar berdi.
Tashkilotchilar sun’iy intellektdan foydalanadigan loyihalar, agar asosiy ijodiy qarorlar va mualliflik insonlarda qolsa, tanlovda ishtirok etishi mumkinligini tasdiqladilar.
Yangi qoidalar mukofotning keyingi mavsumi taqvimi bilan birga e’lon qilindi. Arizalarni qabul qilish 1-iyunda boshlanadi, nomzodlar 7-dekabrda e’lon qilinadi, taqdirlash marosimi esa 2027-yil 10-yanvarda bo‘lib o‘tadi. Ko‘rsatuvni yana Nikki Glazer olib boradi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, generativ sun’iy intellektdan foydalanish o‘z-o‘zidan film yoki serialni diskvalifikatsiya qilishga sabab bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, neyron tarmoqlardan faqat yordamchi vosita sifatida foydalanishga ruxsat beriladi — masalan, tasvirni qayta ishlash, montaj qilish yoki alohida texnik vazifalar uchun.
Asosiy ijodiy qarorlarni hali ham loyihaning rejissyorlari, ssenariynavislari, bastakorlari va boshqa mualliflari qabul qilishlari kerak.
Tashkilotchilar aktyorlik nominatsiyalari uchun alohida qoidalarni belgilab qo‘yishdi. Personaj ijrosi asosan sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan loyihalar ishtirok etishga qo‘yilmaydi.
Cheklovlar aktyorlarning raqamli nusxalari, ovoz sintezi va rol yaratish uchun biometrik ma’lumotlardan foydalanishga taalluqlidir.
Shu bilan birga, sun’iy intellektdan faqat ijrochining roziligi bilan mavjud aktyorlik ijrosini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish mumkin.
Qolgan toifalar uchun qoidalar yumshoqroq bo‘ldi. Agar asosiy ijodiy elementlar — ssenariy, rejissura, musiqa yoki animatsiya — odamlar tomonidan yaratilgan bo‘lsa va neyron tarmoqlar faqat yordamchi vazifani bajarsa, loyihalar tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Avvalroq Oracle 30 ming xodimini ularning o‘zlari o‘rgatgan neyrotarmoqlar bilan almashtirgani haqida xabar berilgandi.
IT mutaxassislardan ishlarini batafsil tasvirlab berish so‘ralib, bu ma’lumotlar SI’ni o‘qitishga ishlatilgan va keyin ular kutilmaganda ishdan bo‘shatilgan.