Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari dastlab mamlakatda taʼlimning uzviyligini taʼminlash borasidagi ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdimotini ko‘zdan kechirdi. Maktabgacha taʼlim, Maktab taʼlimi, Iqtidorli maktab o‘quvchilari, Professional taʼlim va Oliy taʼlim pavilyonlarida bolaning ilk yoshidan kasb egallashiga qadar bo‘lgan taʼlim bosqichlaridagi islohotlar namoyish etilgan.
Mamlakat yetakchisi universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishdi. Kelajak muhandislari maydoni, Bloomberg laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali va Apple Training Center o‘quv markazida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berildi.
Shuningdek, Idrock sunʼiy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalarining faoliyati namoyish etildi.
Bu maydonlar talabalarning nazariy bilimini amaliy mashg‘ulotlar, tadqiqot va loyihalar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Davlat rahbari universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish bo‘yicha xorijlik hamkorlari bilan suhbatlashdi.
Tashrif davomida prezident mamlakatning faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylari bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Shavkat Mirziyoyev (chapda) va Daniyar Davletiyarov (markazda). Foto: Prezident matbuot xizmati
ADM Global kompaniyasining Spot‘ga ma‘lum qilishicha, prezidentga DOST brendi ostidagi birinchi milliy avtomobil loyihasi taqdim etilgan. Davlat rahbari matbuot xizmati e‘lon qilgan suratlarga ko‘ra, tashrif chog‘ida ADM kompaniyalar guruhi bosh direktori Daniyar Davletiyarov ishtirok etgan. “Yangi O‘zbekiston” universitetida ADM texnik laboratoriyasi joylashgan bo‘lib, u yerda talabalar ADM Jizzakh zavodi muhandislari bilan birgalikda kelajak avtomobilini ishlab chiqishda qatnashmoqda.
Hozirgi vaqtda ADM gibrid avtomobil konsepsiyasini ishlab chiqmoqda va ishlab chiqarish maydonchasini tayyorlamoqda. Kompaniya DOST yengil avtomobilining birinchi prototipini 2027-yil boshida taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Birinchi bosqichda DOST yengil tijorat transporti (LCV), xususan, mikroavtobuslar segmentida taqdim etiladi. Bu milliy brendga bo‘lgan talabni baholash, mahsulot va marketing yechimlarini ishlab chiqish hamda keyingi bosqich — yengil avtomobil yaratishga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi, deb ma‘lum qildi kompaniya Spot‘ga.

Spot avvalroq 2026-yilning yanvar-iyul oylarida 17 765 dona BYD ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.
