Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta‘limga kirish bo‘yicha ikkita qo‘shimcha imkoniyat belgilandi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Birinchi imkoniyat doirasida Qoraqalpog‘istonda doimiy yashovchi, kirish imtihonlarida 68 va undan yuqori ball to‘plab, davlat oliygohlarining kunduzgi ta‘lim shakliga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun 500 ta maqsadli qabul o‘rni ajratiladi.
Talabgorlar 2−6-oktyabr kunlari my.uzbmb.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ular talabalikka tavsiya etilgan oliy ta‘lim tashkiloti va ta‘lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda qatnashadi.
Nomzodlar kirish imtihonlarida to‘plagan ballari ketma-ketligi asosida maqsadli qabul o‘rinlariga tavsiya etiladi.
Ikkinchi imkoniyat doirasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining murojaatiga asosan viloyatlardagi davlat oliy ta‘lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha 6,5 mingta qabul o‘rni tasdiqlandi.
Mazkur o‘rinlar davlat oliy ta‘lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, Qoraqalpog‘istondagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta‘lim tashkilotlarini tamomlagan, kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun ajratiladi.
Tanlov qaydnomalari rasmiylashtirish uchun tegishli oliy ta‘lim tashkilotlariga yuboriladi.
Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda 6 ming yoshni IT va logistika sohasida ish bilan ta’minlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.