Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) kiberjinoyatlarda gumonlanayotgan ikkita yirik guruh qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Qo‘lga olish ishlari poytaxtning Mirobod tumanidagi ikkita manzilda o‘tkazilgan. Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi xususiy uyda pul yuvishda gumonlangan 52 kishi hibsga olingan.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular noqonuniy onlayn kazinolar va bukmekerlik idoralari manfaatlari yo‘lida bank kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Guruh a’zolari uyni oyiga $9 mingga ijaraga olgan.

Tezkor xodimlar ashyoviy dalil sifatida $110 ming naqd pul, 71 ta noutbuk, 278 ta mobil telefon hamda sun’iy yo‘ldosh interneti uchun mo‘ljallangan uchta Starlink antennasini olib qo‘ygan.

Bundan tashqari, IIBB Katta Mirobod ko‘chasidagi xususiy uyda faoliyat yuritgan noqonuniy koll-markazning 20 nafar xodimini qo‘lga olgan. Gumonlanuvchilar internet orqali soxta ayollar profillari yordamida erkaklar bilan tanishib, turli bahonalar bilan ularni aldash orqali pul undirgan.

Ikkinchi manzildagi uy ham oyiga $2 mingga ijaraga olingan. Tintuv davomida 24 ta noutbuk, 52 ta telefon, bitta planshet va to‘rtta Wi-Fi router olib qo‘yilgan.

Shuningdek, guruhlar ishtirokchilari $576 ming ekvivalentidagi kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi (kriptoaktivlar sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahar IIBB uy-joy mulkdorlarini uylarini ijaraga berishda ijarachilarning qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotganini tekshirishga va ijara shartnomasini qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirishga chaqirdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ta’kidlashicha, jinoiy guruhlar faoliyati uchun bila turib yoki bilmagan holda sharoit yaratish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.


Avvalroq Spot Toshkentdagi ikkita noqonuniy Call-markaz faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.