Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijliklarni firibgarlik yo‘li bilan kriptoaktivlarga investitsiya kiritishga undagan ikkita yirik Call-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi Call-markaz Yashnobod tumanidagi biznes-markazlardan birining oltinchi qavatida aniqlanib, u yerda 97 nafar shaxs faoliyat yuritgani ma‘lum bo‘ldi. Ularning besh nafari chet el fuqarolari hisoblanadi.

Yana bir Call-markaz Yakkasaroy tumanidagi biznes-markazning 11-qavatida joylashgan bo‘lib, unda 34 nafar shaxs ishlagani, shundan uch nafari xorijlik ekani aniqlandi.

Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, Call-markaz xodimlari boshqaruvchi, tashkilotchi, jamoa sardorlari va operatorlar sifatida faoliyat yuritib, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya, Daniya hamda boshqa davlatlar fuqarolariga soxta telefon raqamlari orqali qo‘ng‘iroq qilgan.

Ular treyderlik niqobi ostida fishing havolalari yordamida jabrlanuvchilarni kriptoaktivlarni investitsiya sifatida o‘tkazishga undagan.

Qayd etilishicha, xodimlar ishga qabul qilinishidan oldin maxfiylik qoidalari bo‘yicha alohida tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

Xorijiy fuqarolar bilan suhbatlarda taxalluslardan foydalanilgan, binolarga kirish esa maxsus qo‘riqchilar tomonidan qat‘iy nazorat qilingan.

Tezkor tadbirlar davomida Call-markazlardan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon apparati, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf hamda boshqa texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, jinoiy sxemani chet el fuqarosi 1978-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy guruhning ikki nafar rahbari, shuningdek, Call-markaz faoliyatining asosiy gumonlanuvchilari bo‘lgan yana sakkiz kishi qamoqqa olingan.

Bundan tashqari, yana 10 nafar gumondorga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Qolgan 111 nafar shaxs yuzasidan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, IIVning Xalqaro hamkorlik boshqarmasi hamda Interpol Markaziy milliy byurosi orqali Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlariga tegishli so‘rovlar yuborilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda fuqaroga arzon narxda avtomobillar olib berishni va‘da qilgan shaxs aniqlangani haqida yozgandi.