Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Qoraqalpog‘istonda 1 mln 100 ming yoshlar bor, shundan 505 mingi 14−30 yoshda. Bu katta kuch, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhim.
Hududda yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish va bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.
Bir yil ichida 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash topshirildi. Hududda 10 mingga yaqin yosh chet tili va ITni mukammal bilishi qayd etildi.
Shuningdek, yil yakunigacha xorijda yashayotgan kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpog‘istonga jalb etib, yangi loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Nukusdagi 1-son texnikumda yo‘lga qo‘yilgan kasbiy ta’lim tajribasi Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irotdagi texnikumlarda ham joriy etiladi.
Bu yerda Pearson BTEC xalqaro ta’lim dasturi asosida o‘qigan bitiruvchilarga 70 ta davlat tan oladigan kasb sertifikati beriladi.
Texnikumda 37 turdagi kichik asbob-uskuna ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu uskunalarni olgan 4 ming ishsiz daromad topishni boshlagan.
1-oktabrdan asbob-uskuna xaridi uchun beriladigan ssuda miqdori 20 mln so‘mdan 50 mln so‘mga oshiriladi.
“Usta-shogird” asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yosh chegarasi esa 30 yoshdan 40 yoshgacha kengaytiriladi.