Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.

Prezident tomonidan Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.

Ta’kidlanishicha, hududda maktabgacha ta’lim qamrovi 84% ga yetgan. Biroq ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich pastligicha qolmoqda.

Endilikda Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7% li kredit ajratiladi. Boshqa hududlarda esa kredit stavkasi 7−15% oralig‘ida bo‘ladi.

Shuningdek, tibbiyotda yuqori texnologik xizmatlar ham kengayayotgani qayd etildi. Nukusdagi markaziy shifoxonada jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Yil boshidan buyon bosh miya, yurak va plastik jarrohlik kabi murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazilgan.

Hududda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etilib, tibbiyot muassasalariga $10 mln lik jihozlar olib berildi.

Shuningdek, xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi soha xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha metodik markazga aylantiriladi.

Akademiya, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi va yangi ko‘p tarmoqli shifoxona negizida Universitet tibbiy klasteri tashkil etiladi.

Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga beriladigan 200% gacha ustama 1-yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.


Avvalroq Spot hamshiralar va tibbiyot og‘alari hamda oilaviy shifokorlarga yangi ustamalar belgilangani haqida yozgandi.