Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda chorvachilik, bog‘dorchilik va qovunchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.

Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Mo‘g‘uliston, Turkiya, Xitoy va Avstraliyadan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, hudud sharoitida ko‘paytiriladi.

Yil yakunigacha 10−15 ming gektarda loyihalar shakllantirilib, bir yil ichida 100 ming bosh qo‘y-echki boqish rejalashtirilmoqda.

Kegeyli tumanidagi “Kegeyli naslli parranda” korxonasining quvvati bir yil ichida 2−3 barobar oshiriladi va korxona xoldingga aylantiriladi. Texnikumda parranda yetishtirish bo‘yicha kurslar ham tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘istonda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalari tashkil etiladi.

Dastur doirasida 10 ming gektardagi ishlar shu yil boshlanadi. Bog‘dorchilik orqali 20 ming kishini ish bilan ta’minlash va uch yilda meva eksportini $500 mln ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektarda qovun yetishtirish boshlanadi. Ispaniya, AQSH, Niderlandiya va Xitoydan qovunning ilg‘or navlari, urug‘chilik va agrotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar jalb qilinadi.

Shuningdek, qovunni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha xolding tashkil etiladi. Nukus tumanidagi texnikum qovunchilikka ixtisoslashtirilib, laboratoriya va sinov poligoni bilan ta’minlanadi.

Muassasa Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryodagi qovun yetishtiruvchilar uchun tajriba almashish markazi vazifasini bajaradi.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlar uchun 300 mlrd so‘mlik kredit liniyasi ochilishi haqida yozgandi.