Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, hududdagi 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trln 145 mlrd so‘m kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. “Mijozni o‘stirish” modeli asosida yana kamida 30−40 ming odamni ishli va daromadli qilish imkoniyati bor.
Hududga mas’ul bank ishonchli mijozlar uchun 16% stavkada 300 mlrd so‘mlik kredit liniyasini ochmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4% lik qismini qoplab berishi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12% ga tushadi.
Qolgan 8 ta bankka ham bir oyda shunday qulay mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5% dan 12% ga tushirilishi ma’lum qilindi.
Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga $100 mln yo‘naltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.
Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 mlrd so‘m ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obyekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani ta’kidlandi.
Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy o‘sish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 mlrd so‘m ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.