Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Qoraqalpog‘istonda so‘nggi yillarda investitsiya, energetika, infratuzilma va ijtimoiy sohalarda yirik loyihalar amalga oshirildi. O‘tgan yili hududga $1,7 mlrd investitsiya kiritilgan bo‘lib, bu 2021-yilga nisbatan 22 barobar ko‘p.

2026-yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti 10,2ga o‘sdi. Hudud iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha Toshkent shahridan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Hududda so‘nggi yillarda 860 MVt yangi energetika quvvati ishga tushirildi. Natijada “yashil” energiyaning ulushi 23% ga, elektr ishlab chiqarish esa 5,33 mlrd kVt·soatga yetdi.

Kecha Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati $7 mlrd bo‘lgan 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Jumladan, Qo‘ng‘irotda $2,6 mlrd lik va 1,5 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.

Loyiha doirasida 1,5 ming km yuqori kuchlanishli tarmoq va 3 ta 500 kV podstansiya barpo etiladi.

2030-yilgacha hududda jami 3,3 GVt quvvatli shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi, “yashil” energiya ulushini 76% ga yetkazish va 400 MVt energiya saqlash quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylanadi.

Osiyo taraqqiyot bankining $384 mln mablag‘i hisobidan A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irot hududidan o‘tuvchi 240 km qismi beton qoplamaga o‘tkazildi.

Kecha yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridan o‘tuvchi yana 92 km qismini qurish boshlandi. Loyihaning qiymati $233 mln ni tashkil etadi.

Yangi yo‘l foydalanishga topshirilgach, tranzit hajmi 1,5 barobarga oshishi kutilmoqda. To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga yetib borish uchun avvalgi 24 soat o‘rniga 10 soat sarflaydi.

Kelasi yil martidan Toshkent-Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi.

Shuningdek, “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi va Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqacha 100 km ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi.


Avvalroq Spot Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda $592 mln lik yangi loyihalarni ishga tushirgani haqida yozgandi.