Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda yangi obyektlarni foydalanishga topshirish va kelajakdagi loyihalar qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratilgani natijasida hudud iqtisodiyoti faol o‘sayotgani ta’kidlandi. 2016-yildan buyon yalpi hududiy mahsulot olti barobardan ko‘proqqa — 8,5 trln so‘mdan 54 trln so‘mga oshdi.

Hududda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2,5 barobarga ko‘payib, 26,5 mingtaga yetdi. Ularning 271 tasi xorijiy va qo‘shma korxonalardir. Tovar ishlab chiqarishda xususiy sektor ulushi 66 foizga yetgan.

To‘qqiz yil davomida Qoraqalpog‘istonga $5 mlrd dan ortiq investitsiya kiritildi. Faqat joriy yil yakuniga ko‘ra, xorijiy investitsiyalar oqimi $2,5 mlrd ni tashkil etishi kutilmoqda.

Davlat rahbari umumiy qiymati $592 mln bo‘lgan 11 ta loyihani foydalanishga topshirdi. Jumladan, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Nukusda BAA ishtirokida $27 mln qiymatdagi Shayx Xalifa nomidagi shifoxona ochildi. 100 bemorga mo‘ljallangan muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda 80 kishi ishlaydi.

Shuningdek, hududda Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyat boshlaydi. Uning tashkil etilishi tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish doirasida Taxiatosh tumanida Linkwise kompaniyasining $150 mln qiymatdagi modul hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Sapsan Trans No’kis kompaniyasi Nukusda jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan $20 mln lik loyihani amalga oshirishni boshladi. Hozirga qadar 25 ta avtobus va elektrobus olib kelindi, yil oxirigacha yana 75 ta transport vositasi yetkazilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda $5,11 mlrd ga uchta mayning va uchta data-markaz qurilayotgani haqida yozgandi.