Google Gemini Live uchun internetga ulanmasdan AI-assistent bilan suhbatlashish imkonini beruvchi oflayn rejimni ishlab chiqmoqda. Bu haqda Android Authority xabar berdi.
Yangi funksiya haqida Google’ning Android uchun mo‘ljallangan ilovasining yangi versiyasini tahlil qilish jarayonida aniqladi.
Google App ilovasining 17.71.17-versiyasi kodida “Offline mode” va “Use Gemini Live without an internet connection” (Gemini Live’dan internetga ulanmasdan foydalanish) yozuvlari paydo bo‘lgan.
Interfeys elementlari nomidan kelib chiqib, oflayn rejimni yoqish tugmasi Gemini akkaunti menyusida paydo bo‘lishi mumkin. Funksiya aynan qanday ishlashi hozircha noma’lum.
Android Authority taxminiga ko‘ra, internetga ulanmasdan so‘rovlarni qayta ishlash uchun Google bulutli xizmatlar o‘rniga mahalliy Gemini Nano modelidan foydalanishi mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu model allaqachon ayrim zamonaviy Android smartfonlarida ishlaydi.
Bunday holatda Gemini Live’ning oflayn versiyasi imkoniyatlari odatiy rejimdagidan cheklangan bo‘lishi mumkin.
Masalan, javoblar sekinroq yoki kamroq aniq bo‘lishi ehtimoli bor. Kamera bilan ishlash va ekranni namoyish qilish funksiyalari esa hozircha qanday ishlashi noma’lum.
Google Gemini Live’ning oflayn rejimini rasman e’lon qilmagan. Funksiya hozircha faqat ilova kodida aniqlangan, shu sababli u o‘zgarishi yoki umuman ommaviy foydalanishga chiqarilmasligi ham mumkin.
Avvalroq Spot o‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus’dan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida yozgandi.