Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida qurilayotgan yangi turizm markazidagi ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Majmua 50 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaga jami $105 mln investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, hududda quyidagi obyektlar quriladi:
- qabullar uyi, ko‘rgazmalar zali va muzey;
- ikkita mehmonxona va 80 ta oilaviy mehmon uyi;
- 2 ming o‘rinli amfiteatr;
- 70 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi.
Shuningdek, hududda sayilgohlar, hunarmandchilik markazlari va sun’iy ko‘l tashkil etiladi. Markazda xalqaro madaniy va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.







Hozirda markazning 10 gektarlik qismida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan.
Majmua to‘liq ishga tushgach, 2 mingta ish o‘rni yaratilishi va Buxoroga qo‘shimcha 2 mln dan ortiq sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy budjetga yillik tushum 288 mlrd so‘mni tashkil etishi mumkin.
Prezident shu yerda Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga tayyorlash bo‘yicha mas’ullarning axborotini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq Buxorodagi $136 mln lik Kongress-xoll va mehmonxonalar qurilayotgani xabar qilingandi.






