O‘zbekistonda umumiy mukofot jamg‘armasi $5 mln bo‘lgan xalqaro startaplar tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili beshta yo‘nalishda o‘tkaziladi. G‘olib deb topilgan 25 ta jamoaning har biriga “chuqur o‘rganish” (due diligence) jarayonidan so‘ng $200 minggacha investitsiya ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qarori bilan “Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovi joriy etildi. Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi $5 mln ni tashkil etadi.

Hujjat prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy startap loyihalari va ularning ta’sischilarini O‘zbekistonga keng jalb etish, texnologiyalar transferini faollashtirish hamda respublikani mintaqaning startaplar xabiga aylantirishdan iborat.

Tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • sun’iy intellekt texnologiyalari;
  • ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari;
  • moliyaviy texnologiyalar;
  • kreativ industriya hamda kompyuter va mobil o‘yin dasturlari;
  • B2B va industriya yo‘nalishidagi yechimlar.

Qaror bilan IT Park faoliyatini tartibga soluvchi nizomga ham o‘zgartirishlar kiritildi. IT Park rezidentlarining avtomatlashtirish yo‘nalishida ishlab chiqilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini soliq organlari tizimlariga majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.

Shuningdek, rezidentlar IT Park direksiyasiga soliq va statistik hisobotlar hamda IT kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, IT Park rezidentlari faoliyat turlari ro‘yxatiga yangi yo‘nalishlar kiritiladi. Ular qatoriga IoT va sun’iy intellekt qurilmalari, mikro- va nanoelektronika, intellektual robotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, shuningdek, biznes-farishtalar klublari faoliyati kiradi.

Mazkur o‘zgarishlar startaplar ekotizimini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb etishga qaratilgan.


Avvalroq Spot sentabr oyida O‘zbekistondagi qaysi startaplar investitsiyalar jalb qilgani haqida yozgandi.