Toshkent aeroportining havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan yonilg‘i quyish majmuasini xususiylashtirish jarayonining dastlabki bosqichida beshta investor xaridga qiziqish bildirdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Majmuani sotish bo‘yicha ochiq savdoning dastlabki qiziqish bildirish (EoI) bosqichi 22-sentabrda boshlanib, 23-oktabrda yakunlandi. Ushbu jarayonni tashkil etish uchun xalqaro Ernst and Young (EY) kompaniyasi xususiylashtirish konsultanti sifatida jalb qilingan.
Dastlabki bosqich doirasida konsultant tomonidan marketing va targ‘ibot ishlari olib borilib, investitsiya takliflari salohiyatli investorlarga yuborilgan. Belgilangan muddatgacha beshta investor tomonidan qiziqish bildirish arizalari taqdim etilgan.
Konsultant kelib tushgan arizalarni bir nechta mezon asosida o‘rganib chiqadi. Bunda talabgorlarning moliyaviy imkoniyatlari, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilik talablariga rioya qilishi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, AQSH va xalqaro moliya institutlarining sanksiya ro‘yxatlariga kiritilmaganligi tekshiriladi.
Ushbu mezonlarga to‘liq javob beradigan talabgorlar xususiylashtirishning keyingi bosqichiga — majburiyatga ega takliflarni taqdim etish (BO) jarayoniga taklif qilinadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi konsultant bilan hamkorlikda savdoning har bir bosqichi bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilib borishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Xalq Sug‘urta Xalq banki’dan Davaktivga o‘tkazilgani haqida yozgan edi.