2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar 86,5% ko‘proq soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan soliq tushumlari 124,8 mlrd so‘mdan 232,8 mlrd so‘mgacha oshdi. Shu bilan birga, ko‘rsatilgan elektron xizmatlar qiymati 85,2% ga — 1,04 trln so‘mdan 1,94 trln so‘mgacha ko‘paydi.

Soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy raqamli xizmatlar soni 2025-yil boshiga nisbatan 46 taga oshdi. Agar 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra ularning soni 63 tani, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra esa 78 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil oktabriga kelib bu ko‘rsatkich 109 ta kompaniyaga yetdi.

Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar orasida eng yirik soliq to‘lovchilar Apple (54,2 mlrd so‘m), Google (52,6 mlrd so‘m), Meta (46,7 mlrd so‘m), Valve Corp. (22,8 mlrd so‘m), Anthropic (14 mlrd so‘m), OpenAI (10 mlrd so‘m), Midasbuy (4,8 mlrd so‘m), Booking.com (4,2 mlrd so‘m), TikTok (2,4 mlrd so‘m) va Anysphere (2,2 mlrd so‘m) bo‘ldi.

apple, bigtex, google, meta, soliq, soliq qo'mitasi, xorijiy kompaniyalar

Birinchi yarim yillik bilan taqqoslaganda o‘zgarishlar

Birinchi yarim yillik bilan taqqoslaganda, kuchli o‘nlik tarkibi to‘liq saqlanib qoldi, biroq o‘rinlar taqsimoti va to‘langan soliqlar miqdori sezilarli darajada o‘zgardi. Reyting yetakchilari Apple va Google o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi.

Shu bilan birga, Apple uchinchi chorakda o‘z ustunligini yanada mustahkamladi: agar birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra kompaniya Google’dan atigi 0,3 mlrd so‘mga (33,6 mlrd so‘mga qarshi 33,3 mlrd so‘m) oldinda bo‘lgan bo‘lsa, oktabrga kelib 54,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Google esa 52,6 mlrd so‘m to‘lagan.

Meta va Valve Corp. ham 3- va 4-o‘rinlarni ishonchli tarzda saqlab qoldi: Meta to‘lovlari 29,9 mlrd so‘mdan 46,7 mlrd so‘mgacha, Valve Corp. to‘lovlari esa 15,8 mlrd so‘mdan 22,8 mlrd so‘mgacha oshdi.

Ro‘yxatning o‘rta qismida o‘rin almashinuvi yuz berdi: Anthropic to‘langan soliq miqdorini 6,3 mlrd so‘mdan 14 mlrd so‘mgacha oshirib, 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarildi. OpenAI esa to‘lovlari 5,6 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha oshganiga qaramay, 5-o‘rindan 6-o‘ringa tushdi.

Midasbuy (4,8 mlrd so‘m) va Booking.com (4,2 mlrd so‘m) 7- va 8-o‘rinlarni saqlab qoldi. Avval bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 2,9 mlrd va 2,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Kuchli o‘nlikning quyi qismida TikTok 10-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarildi. Kompaniya yarim yillikda 1,6 mlrd so‘m, to‘qqiz oyda esa 2,4 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Anysphere esa 9-o‘rindan 10-o‘ringa tushib, yanvar-iyun oylaridagi 1,5 mlrd so‘mga nisbatan 2,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi.

O‘zbekiston hududida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar soliq hisobotlarini taqdim etishi va soliqlarni o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay to‘lashi shart.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va yana to‘rtta davlat QR-to‘lov tizimlarini birlashtirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.