O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi (YIM) ulushi 21,8% ni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining hisobotida ma’lum qilindi.

Yanvar-sentabr oylarida yalpi ichki mahsulot hajmi 1,755 kvadrln so‘mga yetib, real hisobda 8,3% ga oshdi. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati 382,7 trln so‘mni tashkil etdi.

Uning YIMdagi ulushi birinchi yarim yillik yakunlariga (22,9%) va o‘tgan yilning mos davriga (2025-yil yanvar-sentabr oylarida 23,9%) nisbatan kamaydi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslarning faoliyati, shuningdek, yashirin sektorni qamrab oladi.

To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning eng katta ulushi an’anaviy ravishda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri keldi — 57,6%. Keyingi o‘rinlarda xizmatlar sohasi (23,8%), qurilish (8,3%) va sanoat (4,9%) turadi.

Birinchi yarim yillik yakunlariga nisbatan tarmoqlar tarkibida o‘zgarishlar kuzatildi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 60,5% dan 57,6% gacha, qurilishda 17,8% dan 8,3% gacha, sanoatda esa 6,7% dan 4,9% gacha kamaydi. Shu bilan birga, xizmatlar sohasida ko‘rsatkich o‘sib, 23% dan 23,8% gacha yetdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,3% ga o‘sib, 1,75 kvadrillion so‘mdan oshgani haqida yozgandi. Yanvar-sentabr oylarida aholi jon boshiga YIM real hisobda 6,4% ga oshib, 44,69 mln so‘mni tashkil etdi.