Jizzax viloyati G‘allaorol tumani sudining ochiq sud majlisida foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida tumanning Marjonbuloq mahallasi hududidagi Marjonbuloq oltin boyitish konida bir qator iqtisodiy jinoyatlar, xususan, karyer hududidan fuqarolar tomonidan oltin o‘g‘irlash holatlari qayd etilgan. Aybdor shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari ko‘rilmoqda.
Ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, G‘allaorol tumanining G‘ubdun QFYda yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro joriy yilning aprel oyida Uzunbuloq QFY hududidagi Morguzar tog‘ tizmasidan ruxsatsiz ravishda qariyb 10 tonna (9 840 kg) tarkibida oltin bo‘lgan foydali qazilmani qazib olgan. Shundan so‘ng, ushbu xomashyoni o‘zining yashash xonadonida saqlab kelgan.
Sud majlisida sudlanuvchi va guvohlar ko‘rsatmalari, shuningdek, jinoyat ishi hujjatlaridagi mavjud dalillar to‘liq o‘rganib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 196−1-moddasi 3-qismining “a” bandida (Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi va sudlanuvchi sud zalining o‘zida qamoqqa olindi.
Avvalroq Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullangan guruh fosh etilgani haqida xabar berilgandi.