2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning ichki bozorida xorijiy valyuta taklifi talabga nisbatan tezroq o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilingan.
Xorijiy valyutaga talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,9% ga oshib, $50,4 mlrd ni tashkil etdi. Valyuta taklifi esa, Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmagan holda 25,3% ga o‘sib, $43,8 mlrd ga yetdi.
Natijada talab va taklif o‘rtasidagi salbiy tafovut o‘tgan yilgi $7,79 mlrd dan $6,6 mlrd gacha qisqardi.

Ayniqsa, yuridik shaxslar tomonidan valyuta taklifi talabga nisbatan tezroq o‘sdi. To‘qqiz oyda kompaniyalarning xorijiy valyutaga talabi 15,3% ga, taklifi esa 26,7% ga oshdi.
Valyuta taklifining yana bir muhim manbai eksport tushumlari bo‘ldi. Bu davrda ular 28,1% ga o‘sib, $16,6 mlrd ni tashkil etdi. Eksport tushumlarining $9,5 mlrd i yoki 57,2% i ichki bozorda sotilgan. Bu 2025-yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 33% ga yoki qariyb $2,4 mlrd ga ko‘p.

Valyuta taklifining yana bir manbai aholi tomonidan valyuta sotilishi bo‘ldi. Jismoniy shaxslar banklarga $18,9 mlrd lik xorijiy valyuta sotdi. Bu o‘tgan yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 1,2 baravar ko‘p.
Markaziy bank, shuningdek, monetar oltin bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga shakllangan qo‘shimcha likvidlik regulyatorning neytrallik tamoyili doirasidagi valyuta operatsiyalari hamda boshqa pul-kredit instrumentlari orqali sterilizatsiya qilinganini qayd etdi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijda ishlayotganlar soni 10 yilda ikki baravar kamaygani, pul o‘tkazmalari esa 4 karra oshgani haqida yozgan edi.