Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakovning 2026-yil 29-oktabrdagi qarori bilan shahardagi 4 ta yo‘nalishda avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklarni (BRT) tashkil etish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, quyidagi ko‘chalarda jami 17,9 km uzunlikdagi BRT yo‘laklari barpo etiladi:

  • Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridan o‘tuvchi Muqimiy ko‘chasida — 4,6 km;
  • Shayxontohur tumanidagi Qoratosh va Ko‘kcha darvoza ko‘chalarida — 4,2 km;
  • Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasida — 2,8 km;
  • Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasida — 6,3 km.

Ushbu ko‘chalarni ta’mirlash va qurish ishlari bo‘yicha Toshkent Invest kompaniyasi buyurtmachi etib belgilandi. Qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borish va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan dastlabki 6,5 mlrd so‘m ajratiladi.

Bosh loyihachi hamda pudrat tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda tanlab olinadi. Loyihalar “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” davlat muassasasining ijobiy xulosasini olishi shart.

Qarorda ta’kidlanishicha, ko‘chalarni ta’mirlashdan oldin muhandislik tarmoqlari va quduqlarni ta’mirlash yoki boshqa hududga ko‘chirish ishlari to‘liq bajarilishi ta’minlanadi. Bu ishlar tarmoqlarni o‘z balansida saqlovchi tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, ta’mirlash jarayonida avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish choralari ko‘riladi. Zarur hollarda o‘rnatilgan tartibda vaqtinchalik avtomobillar harakatini cheklash joriy etilishi mumkin.

Oktabr oyida poytaxt hokimligi to‘rtta yo‘nalishda alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan, umumiy uzunligi 150 km dan ortiq bo‘lgan yo‘l qismlarini tahlil qilgan. Natijada qariyb 18 km yo‘lda ishlarni boshlash tavsiya etilgan.

BRT avtobus yo‘lagi

2025-yilning 15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektrobusda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab sayohat qildi, u yerda o‘tgan hafta Mirobod va Choshtepa ko‘chalari o‘rtasidagi qariyb 7 kilometrlik yo‘l qismini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Harakat 10 ta bo‘lakda tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 6 tasi (har tomonga uchtadan) avtomobillar uchun, ikkitasi avtoturargoh uchun va ikkitasi markaziy avtobuslar uchun mo‘ljallangan.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtda jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar tizimi (Bus Rapid Transit, BRT) joriy etilgan birinchi ko‘cha bo‘ldi. Loyiha qiymati $19,2 mln ni tashkil etdi.

Yo‘nalishning ishga tushirilishi yo‘lovchilar oqimini ikki baravardan ko‘proqqa — 2,5 mingdan 6 ming kishiga oshirish imkonini berdi. O‘rtacha harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatga, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa kuniga 40 ming avtomobilga yetdi.

Ko‘cha bo‘ylab 463 ta “aqlli” svetofor va 21 ta to‘xtash majmuasi o‘rnatildi. Rekonstruksiya doirasida ko‘chada yangi avtoturargohlar, veloyo‘laklar va yashil maydonlar paydo bo‘ldi. Sug‘orish va drenaj tizimlari yangilandi.

Joriy yilning sentabrida Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Loyiha doirasida 1,2 kilometrlik uchastkada jamoat transporti uchun alohida yo‘lak hamda 6 ta yangi avtobus bekati tashkil etildi.

Avvalroq Spot 1-noyabrdan Toshkentdagi avtobus yo‘laklarida noqonuniy avtomobil harakatiga qarshi reydlar kuchaytirilishi haqida yozgan edi.