Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.
Yig‘ilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash hamda O‘zbekistonda yashayotgan chet el fuqarolari faoliyatini tartibga solish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Yil boshidan buyon xorijdan 1 mln 116 ming kishi qaytib kelgan. Ular orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Yaponiya va Rossiyaning sanoat, qurilish, logistika hamda xizmat ko‘rsatish korxonalarida zamonaviy texnologiya va mehnat madaniyatini o‘zlashtirgan mutaxassislar bor. Ularning malakasidan mamlakat korxonalarida samarali foydalanish maqsadida maxsus platforma yaratiladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha qaytgan fuqarolarning 250 ming nafariga mos ish topish va tadbirkorlik qilish istagidagi shaxslarga sharoit yaratib berish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot rivojlanishi fonida O‘zbekiston xorijliklar uchun ham jozibador bo‘lib borayotgani, hozirda uzoq muddat yashayotgan chet elliklar soni 250 mingga yaqinlashgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, ulardan 36 ming nafari ishlashga ruxsatnoma olgan bo‘lsa, 24 ming nafari talabalardir. Davlat rahbari qolganlarning nima ish bilan shug‘ullanayotgani va daromad manbalari haqida aniq ma’lumot bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Ochiqlik siyosatini davom ettirgan holda, ushbu masalada qat’iy tartib-intizom bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, ishlashga ruxsat olgan xorijiylarning 80% i qurilish, to‘qimachilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida yuqori malaka talab qilmaydigan faoliyat bilan band. Mahalliy mehnat bozorini himoya qilish doirasida yangi ish o‘rinlariga birinchi navbatda mamlakat o‘z fuqarolarini joylashtirishi zarurligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga bir oy muddatda uzoq muddatga kelgan xorijlik fuqarolarning yashash va ish joyini monitoring qilish platformasini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.
Avvalroq prezident Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Boltiqbo‘yi va Bolqon davlatlari bilan mehnat staji hamda pensiya huquqlarini tan olish bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishni topshirgani haqida xabar berilgandi.