Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Birinchi bosqich Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab oldi.

Qurilish jarayonida yo‘lning asfalt qoplamasi bilan birga ostki konstruksiyasi ham to‘liq qayta qurildi. Ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari bajarilib, mavjud asos olib tashlandi va yo‘l poydevori qayta shakllantirildi.

Grunt namligi, tuproq siljishi va cho‘kish xavfini kamaytirish uchun geotekstil qoplamasi yotqizildi. Shundan so‘ng 35 santimetr qalinlikdagi qum-shag‘al aralashmasi va M-75 markali mustahkamlovchi qatlam, shuningdek, 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlami yotqizildi. Yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PSHMA-20 qo‘llanildi.

BRT infratuzilmasi doirasida 6 ta yangi avtobus bekati tashkil etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi yaratildi. BRT yo‘lagi umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratildi.

Markazga ko‘ra, bu avtobuslarning tirbandlikka bog‘liqligini kamaytirish, qatnov oralig‘i barqarorligini ta‘minlash hamda bekatlarga xavfsiz kirib-chiqish imkoniyatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qurilish davomida yo‘l harakati to‘liq to‘xtatilmadi. Ishlar markaziy qismdagi tasmalarda bosqichma-bosqich olib borilib, transport vositalari harakati ko‘chaning ikki yo‘nalishidagi chekka o‘ng tasmalarda saqlab qolindi.

Mazkur 1,2 kilometrlik uchastka Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida ko‘chaning qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yo‘lagini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Iyul oyi oxirida Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlangandi. Shu bois 24-iyuldan 9-avgustgacha avtomobillar harakati yo‘lning chetki polosalari orqali davom ettirilishi aytilgandi.

Keyinroq esa mazkur BRT yo‘lagini avgust oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

BRT avtobus yo‘lagi

2025-yilning 15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektrobusda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab sayohat qildi, u yerda o‘tgan hafta Mirobod va Choshtepa ko‘chalari o‘rtasidagi qariyb 7 kilometrlik yo‘l qismini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Harakat 10 ta bo‘lakda tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 6 tasi (har tomonga uchtadan) avtomobillar uchun, ikkitasi avtoturargoh uchun va ikkitasi markaziy avtobuslar uchun mo‘ljallangan.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtda jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar tizimi (Bus Rapid Transit, BRT) joriy etilgan birinchi ko‘cha bo‘ldi. Loyiha qiymati $19,2 mlnni tashkil etdi.

Yo‘nalishning ishga tushirilishi yo‘lovchilar oqimini ikki baravardan ko‘proqqa — 2,5 mingdan 6 ming kishiga oshirish imkonini berdi. O‘rtacha harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatga, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa kuniga 40 ming avtomobilga yetdi.

Ko‘cha bo‘ylab 463 ta “aqlli” svetofor va 21 ta to‘xtash majmuasi o‘rnatildi. Rekonstruksiya doirasida ko‘chada yangi avtoturargohlar, veloyo‘laklar va yashil maydonlar paydo bo‘ldi. Sug‘orish va drenaj tizimlari yangilandi.

Shuningdek, prezident ajratilgan yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish va poytaxt atrofida transport bog‘lamalarini yaratish loyihalari bilan tanishdi. Jamoat transporti qulayligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish, Toshkentning Yangi Toshkent bilan transport aloqasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz”, — dedi prezident.


Spot, avvalroq, Toshkent-Nurafshon yo‘lining 27 km qismini rekonstruksiya qilish va BRT liniyasini tashkil etishga $96 mln yo‘naltirilishi haqida yozgandi.