Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent Katta halqa avtomobil yo‘li va A-373 avtotrassasi kesishmasidagi yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat Toshkent-Nurafshon avtomobil yo‘lining 27 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilmoqda hamda ushbu yo‘nalishda alohida harakatlanish bo‘lagiga ega BRT (Bus Rapid Transit) tezyurar avtobus qatnovi tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.

Qiymati $96 mln bo‘lgan loyiha yangi transport infratuzilmasi, 8 ta ko‘prik, yerosti o‘tish yo‘llari, veloyo‘laklar va zamonaviy bekat majmualarini qurishni nazarda tutadi. Bu haqda O‘zbekiston24 telekanali orqali namoyish etilgan loyiha taqdimoti chog‘ida ma‘lum bo‘ldi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning xabar berishicha, alohida BRT yo‘lagi umumiy avtomobil oqimidan to‘liq mustaqil bo‘ladi, shu tufayli avtobuslar tirbandliklarsiz va qat‘iy jadval asosida harakatlana oladi.

O‘zbekiston24 lavhasiga ko‘ra, hozirda dastlabki qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, kelgusida esa Toshkent va Nurafshon o‘rtasida zamonaviy jamoat transporti tizimi shakllantiriladi.

U, shuningdek, bugungi kunga qadar 3 km ga yaqin BRT infratuzilmasi va bitta stansiya qurib bitkazilganini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy hamkorlar Nurafshongacha bo‘lgan butun tizim qurilishini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni taklif qilgan. Prezident topshirig‘idan so‘ng tomonlar loyihani yakuniga yetkazish uchun hamkorlikdagi ishlarni davom ettiradi.

Taqdimotga ko‘ra, rekonstruksiya 27 km yo‘lni qamrab oladi. Qiymati $96 mlnlik loyiha doirasida 8 ta ko‘prik, 6 ta BRT stansiyasi, 5 ta transport yechimi, 9,5 km veloyo‘lak va piyodalar yo‘laklari qurish hamda 240 ta tashqi yoritish chiroqlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ishlarni 2027-yilda yakunlash rejalashtirilmoqda.

Ko‘prikqurilish kompaniyasi raisi Zafar Mahamatovning aytishicha, loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda, uning birinchisi 2023-yilda boshlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilishning asosiy qismi nafaqat yo‘l o‘tkazgichning o‘zini, balki 4 ta aylanma va 4 ta yo‘naltiruvchi chiqish yo‘lini ham o‘z ichiga oladi, bunda asosiy magistral olti qatorli bo‘ladi.

brt, nurafshon, prezident, rekonstruksiya, shavkat mirziyoyev, yo'l

Mahamatovning ma‘lum qilishicha, ayni paytda loyihada ko‘zda tutilgan ajratuvchi tunnellar qurilishi davom etmoqda. Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yerosti o‘tish yo‘llari, veloyo‘laklar va tutash infratuzilma barpo etilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tutash hududni obodonlashtirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Agar avvalgi ko‘priklar qurilishida obodonlashtirish maydoni odatda 30 ming kvadrat metrdan oshmagan bo‘lsa, ushbu loyiha doirasida bu ko‘rsatkich 75 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l — Urganch-Xiva avtomobil yo‘li avgustda ochilishi haqida yozgandi.