Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni Uchtepa tumanida joylashgan “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu markaz xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni chet ellik ish beruvchilar talabiga mos ravishda, maqsadli tayyorlashga ixtisoslashgan.
Qariyb 3,5 gektar maydonni egallagan majmuada fuqaroning dastlabki murojaatidan tortib, hujjatlarni rasmiylashtirish, til va kasb o‘rganish, imtihon topshirish hamda ishga jo‘nab ketishigacha bo‘lgan barcha jarayonlar bitta joyda mujassamlashgan. Front-ofisda viza, bank xizmatlari va aviachipta kassalari ham faoliyat yuritadi.
Markaz infratuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 600 o‘rinli o‘quv va 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari;
- 120 o‘rinli xalqaro imtihon markazi;
- 400 o‘rinli yotoqxona.
Hozirda bu yerda 6 ta xalqaro loyiha doirasida 240 nafar tinglovchi bepul tahsil olib, yotoqxona bilan ta’minlangan.






Ta’lim dasturlari doirasida tinglovchilarga 8 ta tilda (nemis, ingliz, yapon, koreys, chex, polyak, italyan, slovak) 6 oydan 10 oygacha bo‘lgan muddatda dars o‘tiladi. Shu bilan birga, tibbiyot, payvandchilik, elektr va santexnika ishlari, ombor logistikasi, qurilish, mehmonxona, restoran va oshpazlik kabi 12 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatiladi.
Kadrlar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish jarayonlari “Deutsche Bahn”, “Onodera User Run”, “Proud Partners”, “PentaHospital” kabi xorijiy kompaniyalar hamkorligida amalga oshirilmoqda. O‘quvchilarni xalqaro til sertifikatlariga tayyorlash maqsadida ÖSD, TELC, J-CERT va EPS TOPIK imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilgan.
Davlat rahbari yoshlarni chet elga oddiy ishchi emas, balki malakali mutaxassis sifatida yuborish asosiy maqsad ekanligini ta’kidladi. Yoshlar maktabni tugatgach kafolatli ish joyiga ega bo‘lishlari uchun til va kasbni maktabdayoq o‘rganishlari kerakligi qayd etildi. Shuningdek, mazkur markaz tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar talabi asosida 20 ta texnikum kadr tayyorlashga moslashtirilishi, prezident har bir viloyatdagi 2−3 ta texnikumda kasb bilan birga nemis tilini o‘rgatish zarurligini ta’kidlagani haqida xabar berilgandi.





