Binance 30-oktabr kuni yuz bergan xakerlik hujumi va $6,3 mlrd lik aktivlarning o‘g‘irlanishidan so‘ng mablag‘larni yechib olish imkoniyatini tiklashni boshladi. Bu haqda kriptobirjaning X.com ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilindi.
Tiklashning birinchi bosqichi 1-noyabr kuni London vaqti bilan ertalab boshlandi. Platforma mutaxassislari xizmatni himoya qilish uchun bir qator ehtiyot choralarini ko‘rdi, xavfsizlikni baholadi hamda xakerlik hujumi oqibatida zarar ko‘rgan xizmatlarning qayta ishga tushirishga tayyorligini tekshirdi.
“Xavfsizlik va tayyorlik tekshiruvlarini yakunlashimizga qarab, mablag‘larni yechib olish imkoniyatini bosqichma-bosqich tiklashni maqsad qilganmiz. Mablag‘ kiritish xizmatlari ochiq qolmoqda va hodisadan zarar ko‘rmagan”, — deya ma’lum qildi Binance.
Kompaniya foydalanuvchilarga o‘z mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini qaytarishni “eng ustuvor” vazifa deb atadi va operatsiyalarni xavfsiz amalga oshirish uchun “nazorat ostidagi yondashuv"ni tanlaganini bildirdi. Binance foydalanuvchilarning mablag‘lari xavfsiz ekanini ta’kidladi.
Birinchi bosqichda 15 ta aktivni yechib olish imkoniyati ochildi. Ular orasida Bitcoin, Ethereum, Solana, XRP, Dogecoin, USDT va USDC steyblkoinlari bor. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, ustuvorliklarni belgilashda foydalanuvchilarning o‘tgan haftadagi talabi haqidagi ma’lumotlar hisobga olingan.
Birinchi bosqich 1-noyabr kuni London vaqti bilan soat 12:36 da (Toshkent vaqti bilan 17:36) yakunlandi. Hozir kompaniya an’anaviy valyutalarda mablag‘larni yechib olish imkoniyatini ishga tushirmoqda.
2-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:00 holatiga ko‘ra, foydalanuvchilar AQSH dollari, yevro, Yaponiya iyenasi, Qozog‘iston tengesi va Qirg‘iziston somi kabi 28 ta valyutada mablag‘larni yechib olishlari mumkin edi.
Binance, shuningdek, xakerlik hujumi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash jarayoni haqida hisobot berdi. 1-noyabr kuni ertalab kompaniya foydalanuvchilarga yetkazilgan zararning qariyb 95% ini qoplagan va balansni 90% ga tiklagan. Bunga USDT va Bitcoin kabi eng ommabop 10 ta token bo‘yicha balansni to‘liq tiklash ham kiradi.
Qolgan 5% nisbatan kam tarqalgan va likvidligi pastroq aktivlarga to‘g‘ri keladi. Kriptobirja tokenlarni ochiq bozorda va birjadan tashqari bitimlar orqali sotib olish ustida ishlamoqda. Biroq kompaniya bu jarayon “uzoqroq vaqt olishi mumkinligi” haqida ogohlantirdi.
Binance foydalanuvchilarga “sabr-toqati, tushunishi va saqlanib qolayotgan ishonchi” uchun, hamkorlariga esa o‘g‘irlangan aktivlarni muzlatish va kuzatishda yordam bergani uchun minnatdorlik bildirdi. Kompaniya tergov yakunlangach, batafsil hisobot e’lon qilishga va’da berdi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Binance mablag‘larni yechib olishni qayta tiklaganidan keyingi 9 soat 30 daqiqa ichida hisobvaraqlardan $4,65 mlrd miqdorida mablag‘ yechib olish so‘rovlarini qabul qilgan va $1,01 mlrd miqdoridagi mablag‘larni qabul qilgan. Sof chiqim $3,64 mlrd ni tashkil etdi. Bu birjadagi jami aktivlar hajmining 2% idan sal ko‘prog‘iga teng.
Reuters agentligi DefiLlama platformasiga tayanib, birjadan $5,8 mlrd lik aktivlar chiqarilganini xabar qilmoqda. Binance vakillari bu raqamlar kompaniyaning yangi “issiq” kriptohamyoniga mablag‘lar kiritilishini hisobga olmagan holda keltirilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Toshkentda noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan talaba aniqlangani haqida yozgandi.