Toshkentda yirik miqdordagi kripto-aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirgan talaba aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan shaxsning harakatlariga chek qo‘yildi.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi nufuzli davlat oliy ta’lim muassasasi talabasi hisoblangan, Toshkent tumanida yashovchi, 2008-yilda tug‘ilgan fuqaro 2025-yilning dekabr oyidan 2026-yilning oktabriga qadar Bitget kripto-birjasi platformasida litsenziyasiz faoliyat yuritib kelgan.
Tranzaksiyalar orqali u 64 715 USDT (771,34 mln so‘m) miqdoridagi kripto-aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirgan.
Shuningdek, fuqaro Telegram messenjerida xorijiy davlatlarning 140 ta virtual telefon raqamini sotish bilan shug‘ullangan. Uning kriptohamyonida yana 450 USDT (5,36 mln so‘m) mavjud bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentda $8 mln ni kriptovalyuta orqali xorijga chiqargan jinoiy guruh fosh etilgani haqida yozgan edi.