Toshkentda noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalanib, soxta call-markaz tashkil etgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahri va viloyatida yashovchi, 1989−2005-yillarda tug‘ilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta call-markaz tashkil etgan. Guruhga aloqador yana bir shaxs esa ijaraga olingan xonadonga GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgan.

Jinoiy guruhga Toshkent viloyatida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs rahbarlik qilgan. Guruh a‘zolari orasida banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan.

Ular turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga firibgarlar kredit rasmiylashtirishga urinayotganini aytgan. Shu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning shaxsiy ma‘lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartalaridagi pullarni o‘zlashtirgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.

Guruh jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan jami $8 mln ni kriptovalyuta ko‘rinishida soxta MCHJ orqali xorijga chiqarib, legallashtirgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida guruhga aloqador 10 nafar shaxs aniqlangan.

Spot avvalroq Toshkentda 9 mlrd so‘mdan ortiq noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan shaxs aniqlangani haqida yozgandi.