Toshkent shahrida 9 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi kriptoaktivlarni noqonuniy o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangan fuqaro aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
1985-yilda tug‘ilgan fuqaro tegishli litsenziyasiz Binance xalqaro kriptobirjasida akkaunt ochgan. U 2021−2025-yillarda mazkur akkaunt orqali kriptoaktivlar bilan qariyb 700 ta oldi-sotdi operatsiyasini amalga oshirgan.
Operatsiyalarning dastlabki qiymati $683 mingni yoki 9 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi uchinchi qismi “a” bandi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish, juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida foizsiz kredit va‘dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mini o‘zlashtirgan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.