27-oktabr kuni o‘zbekistonlik Android foydalanuvchilari uchun Google Wallet, iPhone egalari uchun esa Apple Wallet ilovalarida O‘zbekiston bank kartalarini qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Endi mos bank kartalarini raqamli hamyonga ulab, smartfon yordamida kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Spot Google Wallet’ga kartani ulash va undan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma tayyorladi.


Google Pay va Google Wallet o‘zi nima?

Ko‘pchilik bu ikki tushunchani adashtiradi. Ular o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, vazifalari farq qiladi:

  • Google Wallet (raqamli hamyon) — bank kartalari va boshqa raqamli kartalarni telefonda saqlash imkonini beruvchi ilova.
  • Google Pay (to‘lov xizmati) — Google Wallet’ga qo‘shilgan kartalar yordamida do‘konOddiy misol bilan aytganda: Google Wallet — ichiga kartani solib qo‘yadigan hamyon, Google Pay esa do‘konda telefonni terminalga tekkizib pulni to‘lab berishni ta’minlaydigan jarayonning o‘zidir.

Oddiy qilib aytganda, Google Wallet — kartalar saqlanadigan raqamli hamyon, Google Pay esa shu kartalar orqali to‘lov qilish imkonini beruvchi xizmat.

Qaysi banklar kartalarini ulash mumkin?

27-oktabr holatiga ko‘ra, Google Wallet quyidagi to‘qqizta bankning ayrim Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi:

  • AVO Bank — Mastercard;
  • Octobank — Mastercard va Visa;
  • Uzum Bank — Visa;
  • TBC Bank — Mastercard va Visa;
  • Aloqabank — Mastercard va Visa;
  • Kapitalbank — Mastercard va Visa;
  • Ipak Yuli Bank — Mastercard va Visa;
  • O‘zmilliybank — Mastercard va Visa;
  • Orient Finans Bank — Mastercard va Visa.

Biroq bu banklarning barcha kartalari ham xizmatni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Muayyan kartani ulash imkoniyati uning turi va bank tomonidan belgilangan shartlarga bog‘liq.

Google Wallet’ga kartani qanday ulash mumkin?

Kartani ikki xil usulda qo‘shish mumkin: Google Wallet ilovasining o‘zidan yoki bankning mobil ilovasi orqali.

1-usul: Google Wallet ilovasi orqali

Telefonda Google Wallet o‘rnatilmagan bo‘lsa, uni Google Play’dan yuklab olish kerak. Ilova ochilgach, ekranning pastki qismidagi “Add to Wallet” — “Hamyonimga qo‘shish” tugmasini bosish va “Payment card” — “To‘lov kartasi” bandini tanlash lozim. Keyin “New credit or debit card” — “Yangi kredit yoki debet kartasi” tugmasi bosiladi.

Shundan so‘ng kartani telefon kamerasi yordamida skanerlash yoki uning ma’lumotlarini qo‘lda kiritish mumkin. Keyin “Save and continue” — “Saqlash va davom etish” tugmasini bosish lozim.

Ekranda ko‘rsatilgan shartlar bilan tanishib, ma’qul kelsa ularga rozilik bildirish kerak. Bank talablariga qarab, kartani SMS-kod, mobil bank ilovasi yoki boshqa usul orqali tasdiqlash ham talab qilinishi mumkin. Tasdiqlash muvaffaqiyatli yakunlangach, karta Google Wallet’ga qo‘shiladi.

2-usul: Bank ilovasi orqali. Ayrim banklarning mobil ilovalarida kartani Google Wallet’ga ulash uchun alohida tugma mavjud. Bunday holatda bank ilovasini ochish, kerakli kartani tanlash va “Add to GPay” tugmasi mavjud bo‘lsa, uni bosish kerak. Shundan so‘ng ekranda ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarga amal qilib, kartani ulashni yakunlash mumkin.

Google Pay orqali qanday to‘lov qilinadi?

Karta Google Wallet’ga muvaffaqiyatli ulangach, Google Pay orqali kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlaydigan terminallarda smartfon yordamida xaridlar uchun haq to‘lash mumkin.

Buning uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:

  • smartfon NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi;
  • telefonda NFC funksiyasi yoqilgan bo‘lishi;
  • ekran qulfi o‘rnatilgan bo‘lishi;
  • Google Wallet kontaktsiz to‘lovlar uchun asosiy to‘lov ilovasi sifatida belgilangan bo‘lishi kerak.

To‘lovni amalga oshirish uchun telefon ekranini qulfdan chiqarish va qurilmaning orqa qismini kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirish kifoya. Buning uchun Google Wallet ilovasini har safar alohida ochish shart emas.

Agar telefonga bir nechta karta ulangan bo‘lsa, odatda asosiy deb belgilangan karta orqali to‘lov amalga oshiriladi. Boshqa karta orqali to‘lash uchun Google Wallet ilovasida kerakli kartani tanlash va telefonni terminalga yaqinlashtirish kerak.

Google Pay orqali internetda ham to‘lov qilish mumkin. Buning uchun xizmatni qo‘llab-quvvatlaydigan sayt yoki ilovada xarid vaqtida Google Pay to‘lov usulini tanlash kerak. Keyin ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qilib, to‘lovni tasdiqlash kifoya.

NFC’ni qanday yoqish mumkin?

NFC — qurilmalar bir-biriga yaqin turganda ma’lumot almashish imkonini beruvchi simsiz texnologiya. Google Pay orqali terminalda kontaktsiz to‘lov qilish uchun smartfon ushbu texnologiyani qo‘llab-quvvatlashi va NFC funksiyasi yoqilgan bo‘lishi kerak.

NFC’ni yoqish tartibi telefon modeli va operatsion tizim versiyasiga qarab farq qiladi. Ko‘pgina Android qurilmalarida quyidagi amallarni bajarish mumkin:

  1. “Sozlamalar” bo‘limini ochish.
  2. “Ulangan qurilmalar” yoki “Ulanish” bo‘limiga kirish.
  3. “NFC” yoki “Kontaktsiz to‘lovlar” bandini topish.
  4. NFC funksiyasini yoqish.

google, google pay, google wallet, qo'llanma, to'lov tizimlari

Avvalroq Spot o‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus’dan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida yozgan edi.