Endi o‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus obunasidan bepul foydalanishlari mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ma’lum qildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google hamkorligida Google’ning xalqaro verifikatsiya bo‘yicha hamkor platformasi SheerID O‘zbekistonni rasman qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi.
Endi talabalar Google verifikatsiyasidan o‘tib, obunani Aileaders.uz platformasi orqali bepul rasmiylashtirishi mumkin. Amalda xizmatning yillik qiymati $60 ni tashkil etardi.
Google AI Plus obunasi talabalar uchun bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, Gemini ilovasidan foydalanish limitlari ikki barobarga oshadi va Flash Thinking modelidan foydalanish imkoniyati ochiladi.
Shuningdek, Google Foto, Disk va Gmail xizmatlari uchun umumiy 400 GB bulutli xotira ajratiladi. Google Flow orqali ilg‘or generativ modellar yordamida kinematografik sahnalar va hikoyalar yaratish uchun AI-studiyadan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Obuna Gmail ichida Gemini’dan bevosita foydalanish, shuningdek, Gemini Notebook’ning tadqiqotga yordam beruvchi funksiyalaridan foydalanish imkoniyatini ham beradi. Ular qatoriga audio va video materiallarni qayta so‘zlab berish, testlar ishlash va boshqa vositalar kiradi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosidagi musiqiy studiyadan foydalanish imkoniyati ham taqdim etiladi.
Shuningdek, platformada dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan sun’iy intellekt bo‘yicha 100 dan ortiq xalqaro kurslarni bepul o‘rganish imkoniyati mavjud.
Sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va ular yordamida startap loyihalarini boshlash istagidagi talabalar uchun Startupbase.uz platformasi ham tavsiya etilgan.
Avvalroq Spot Google bepul foydalanuvchilar uchun Gemini’ning ilg‘or SI modellariga kirishni cheklashi haqida yozgan edi.