Google pulli obuna rasmiylashtirmagan foydalanuvchilar uchun Gemini sun’iy intellektining ilg‘or modellariga kirishni cheklaydi. Bu haqda kompaniya o‘z saytida ma’lum qildi.

9-oktabrdan boshlab bepul foydalanish uchun faqat kompaniya versiyasiga ko‘ra, eng tejamkor model hisoblangan Gemini Flash-Lite mavjud bo‘ladi. Bungacha tarifsiz foydalanuvchilar Flash versiyasidan ham foydalanishlari mumkin edi.

Bundan tashqari, oyiga $4,99 turadigan AI Plus tarifida Gemini Pro’dan foydalanish imkoniyati o‘chirib qo‘yiladi. Google o‘zgarishlar muddati haqida ularga alohida xabar berishga va’da berdi.

AI Pro ($20) va AI Ultra ($100) obunalariga ega foydalanuvchilar uchala modeldan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi. Shu bilan birga, AI Pro tarifida avval faqat AI Ultra’da mavjud bo‘lgan “chuqur mulohaza” (Deep Think) rejimi ishga tushiriladi.

Shuningdek, kompaniya foydalanuvchilarga mulohaza yuritish darajasini — “past”, “o‘rta” va “yuqori” — tanlash imkoniyatini beradi. Shunga o‘xshash funksiya Google AI Studio va SI-agentlarni ishlab chiqish platformasi Antigravity’da ham mavjud.

Google fevral oyida “mulohaza yuritish” imkoniyatlari yaxshilangan Gemini 3.1 Pro modelini taqdim etgan va uni murakkab savollarga javoblarni vizuallashtirish hamda ijodiy loyihalar uchun tavsiya qilgan.

Iyul oyida kompaniya Gemini 3.5 Pro versiyasini sinovdan o‘tkazayotganini ma’lum qilgan, biroq hozirgacha uni keng ommaga taqdim etmadi.

O‘sha paytda amerikalik kompaniya dasturlash va intellektual ishlar uchun moslashtirilgan Gemini 3.6 Flash hamda “tezkor va tejamkor” 3.5 Flash-Lite modellarini ham taqdim etdi. Avgust oyida u 3.7 Flash, sentabr boshida esa 3.8 Flash versiyasini namoyish etdi.

1-oktabr kuni Google ko‘p bosqichli vazifalarni, jumladan, kiberxavfsizlik sohasidagi topshiriqlarni bajarishga mo‘ljallangan o‘zining “eng kuchli” modeli — Gemini 4 Argon chiqarilishini e'lon qildi. Hozirda unga kirish imkoniyati faqat cheklangan doiradagi “ishonchli” testchilar uchun ochiq.


Avvalroq Spot Gemini foydalanuvchilar nomidan qo‘ng‘iroq qilishni o‘rgangani haqida yozgandi.

Hozircha funksiya AQSHdagi ayrim foydalanuvchilarga ochiq, keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham ishga tushiriladi.