Google Call For Me funksiyasining ommaviy sinovini boshladi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, u foydalanuvchilarga telefon qo‘ng‘iroqlarini Gemini AI-assistentiga topshirish imkonini beradi.

Kompaniya neyrotarmoqdan restoran band qilish yoki texnik ma’lumotlarni aniqlash kabi oddiy va takroriy vazifalar uchun foydalanishni tavsiya qilmoqda.

Ishni boshlash uchun Gemini’dan qo‘ng‘iroq qilishni so‘rash yoki so‘rovni @CallForMe tegi bilan boshlash, shundan so‘ng vazifani va kutilayotgan natijani batafsil bayon qilish kerak.

Ish boshlanishidan oldin AI modeli so‘rovni aniqlashtiradi va vazifani tasdiqlash yoki unga o‘zgartirish kiritishni so‘raydi. Foydalanuvchi suhbatni real vaqt rejimida tinglashi va istalgan vaqtda qo‘ng‘iroqni to‘xtatishi mumkin.

Qo‘ng‘iroq boshida suhbatdoshga uning Google hisob egasining ruxsati bilan AI modeli bilan muloqot qilayotgani haqida xabar beriladi. Suhbat yakunlangach, Gemini natijalar bo‘yicha qisqacha xulosa hamda dialogning to‘liq transkriptini taqdim etadi.

Google funksiyadan zararli foydalanishning oldini olish mexanizmlari ham ishlab chiqilganini bildirdi. Jumladan, istalgan foydalanuvchi Gemini’ning o‘z raqamiga qo‘ng‘iroq qilishini taqiqlashi mumkin.

Buning uchun Android saytida maxsus shaklni to‘ldirish kerak. Shuningdek, Call For Me funksiyasidan kunlik foydalanish bo‘yicha cheklovlar mavjud, shu sababli begona raqamlarga uzluksiz qo‘ng‘iroq qilishning iloji yo‘q.

Hozircha Call For Me funksiyasi faqat AQSHdagi ayrim Pixel 11 egalari uchun, faol Google AI obunasi va Android’ning so‘nggi ommaviy beta-versiyasi o‘rnatilgan qurilmalarda mavjud.

Kelajakda funksiya ko‘proq foydalanuvchilar va boshqa mamlakatlarda ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Gemini sinov vaqtida tasodifan uchta real kompaniya tizimini buzib kirgani haqida yozgandi.